TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Joriy «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturiga asosan o‘zbek adabiyotini ommalashtirish va aholini jahon adabiyotining noyob durdonalari bilan tanishtirish maqsadida barcha mintaqalarda, ularda birinchi navbatda milliy badiiy adabiyotlarni sotish maqsadida viloyatlar va tumanlarda «Kitob olami» ma’rifiy majmuasining tarmoqlari ochilmoqda, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi matbuot-xizmati.
"Bugun 27-aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining markazi Nukus shahrida «Kitob olami» majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Majmua 300 metr kvadrat maydonni egallagan bo‘lib, unda turli yo‘nalishdagi adabiyotlar stendlari tashkil etilgan va 15 ming nusxadagi kitoblar o‘rin olgan", deyilgan xabar matnida.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan 2015-yil 2-noyabrda Toshkent shahrida «Kitob olami» ma’rifiy majmuasi ochilgan edi. Majmuada o‘zbek va jahon adabiyoning sara namunalaridan iborat 30 mingdan ortiq turli yo‘nalishdagi kitoblar sotuvi tashkil etilgan.
Ayni vaqtda Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari markazlarida «Kitob olami» majmualari qurilishi ishlari davom etayotgani xabar qilinmoqda. Ushbu majmualar O‘zbekiston respublikasi Mustaqilligining 25-yillik tantanalariga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.