TOShKENT, 3 avg — Sputnik. Davlat zahiralari tarkibida oltinni ko‘paytirish Moskva va Pekinni AQSh dollari yakkahukumronligidan saqlaydi, deb yozmoqda AQShning Marketwatch moliyaviy nashri.
Xalqaro valyuta fondi xabariga ko‘ra ushbu yilning yanvar-aprel oylarida Xitoy har oy 11 tonnadan oltin sotib olgan. Rossiyaning oltin zahiralari esa, yanvardan iyungacha oyiga 14 tonnaga ko‘paygan.
Rossiya va XXRning oltin zahiralari ko‘pgina sabablarga ko‘ra o‘zgarmoqda, deb xabar qiladi nashr. Ulardan biri bu Rossiyaga nisbatan AQSh tashabbusi bilan qo‘llanilayotgan sanksiyalar sabab. Yevro va boshqa rezerv valyutalar o‘zining kam daromadli ekanligini ko‘rsatdi.
Lekin, asosan oltin sotib olish – dollarga bog‘liqlikdan qutilish uchun qilinmoqda.
Bugungi kunda dunyodagi eng ko‘p oltin AQShga tegishli. U yerda ushbu metall zahirasi 8134 tonnaga teng, ikkinchi o‘rinda – Germaniya (3380 tonna), keyin — Xalqaro valyuta fondi (2814 tonna), Italiya (2452 tonna) va Fransiya (2436 tonna). Xitoy va Rossiya oltinchi va yettinchi o‘rinlarni egallashgan.
“Oltinning alternativ zahira vositasi sifatida valyutalarga nisbatan qadri oshmoqda, chunki asosiy rezerv valyutasi bo‘lgan yevro, iyena va frankning qiymati 2015-yilda dollarga nisbatan pasaydi. Undan tashqari rivojlanayotgan mamlakatlar o‘z zahiralarini turli aktivlarga joylashtirishga va amerika valyutasiga qaramlikdan qutilishga harakat qilmoqda”, — deyilgan Official Monetary and Financial Institutions Forum tashkilotining 2016-yilgi hisobotida.