TOShKENT, 2 avg — Sputnik. O‘zbekiston sport delegatsiyasi Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida qatnashish uchun "Toshkent" aeroportidan Braziliya uchib ketdi deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
O‘zbek terma jamoasi tarkibidan 100dan ziyod sportchilar o‘rin olgan bo‘lib, ular 5-avgust kuni boshlanadigan Olimpiada o‘yinlarida 17 sport turi bo‘yicha musobaqalarda qatnashadilar.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri bu yilgi Olimpiadaga katta umid bilan qarayotgan ayrim qatnashchilar bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.
"Ayni vaqtda bo‘lib o‘tadigan janglar haqida gapirish qiyin. Albatta, ular oson kechmaydi, negaki bu musobaqalarda qatnashish uchun sportchilar yillar davomida tayyorgarlik ko‘radilar. Olimpiada medallari — bu mahorat cho‘qqisi demakdir. To‘g‘ri, men yosh sportchiman, dunyo reytingida ham atigi 24 pog‘onada turaman, ammo xalqaro musobaqalarda qatnashish tajribasiga egaman, o‘tgan yilgi Osiyo chempionatida "kumush" sovrinni qo‘lga kiritganman. Muxlislarni xursand qilish uchun Braziliyada bor imkoniyatimni ishga solishga tayyorman", — degan Gulnoza.
Yengilatletikachi Ruslan Qurbonov esa terma jamoa sportchilari o‘zlarini holdan toydirmasligi lozimligini aytib o‘tdi.
"Albatta, o‘zni bo‘sh qo‘yishning ham keragi yo‘q, ammo haddan ziyod mashg‘ulotlaga berilish ham kerak emas, chunki oldinda iqlimga moslashish kabi masala bizni kutmoqda. O‘zimga keladigan bo‘lsak, Braziliyaga bo‘lgan safarim his-hayajon bilan kechmoqda, chunki bu mening birinchi Olimpiadamdir. U yerda dunyoning eng kuchli sportchilari tashrif buyuradi, ular bilan kuch sinashish — sharaf. Hech qanday bosim yo‘q, men bor imkoniyatimni ishga solishga harakat qilaman, eng avvalo o‘zimni yengib olishim darkor", — deb aytgan Ruslan.