TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Suvning bekorga oqib ketishi tufayli Tojikiston yiliga bir necha milliard kilovatt-soat elektr manbaini yo‘qotmoqda, deb bayonot qilgan Tojikiston Energetika va suv resurslari vaziri Usmonali Usmonzoda. Sputnik Tojikiston xabari asosida.
"Suvlar mamlakatning eng yirik GESlaridagi agregatlar yonidan shunchaki oqib ketishi tufayli bu yil Tojikiston 4 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqishdan mahrum bo‘ladi", — degan Usmonzoda.
Tojikiston vazirining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yagona energiya manbasini yopgach, Tojikiston yirik miqdorda elektr energiyasini eskport qilishdan mahrum bo‘lgan. Xabarda ta’kidlanishicha Tojikistonda yiliga o‘rtacha 16,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqiladi, kamsuvlik davrida, qish mavsumida esa bu defitsit 2,5 milliard kilovatt-soatni tashkil qiladi.
Yirik miqdorda eksportni amalga oshirish imkoniyati esa 2011-yilda, ya’ni Afg‘onistonning Puli Xumri shahridan tortilgan elektr uzatish liniyasi ishga tushirilgach paydo bo‘ldi", — deb xabar qilgan vazir.
Usmonzoda, shuningdek, may oyida ishga tushirilgan CASA-1000 loyihasi mamlakat uchun ayniqsa foydali ekanligini ta’kidlagan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Casa-1000 Qirg‘iziston va Tojikistonga yoz oylarida ortiqcha bo‘lib qolgan elektr quvvatini sotish imkoniyatini beradi. "Ushbu loyiha elektr energiyasi eksporti hajmini oshirishga xizmat qiladi hamda yiliga suvning bekorga oqib ketishi tufayli yuzaga kelayotgan yo‘qotishlarni to‘liq "yo‘qqa" chiqaradi", — deb ta’kidlagan u.
Eslatib o‘tamiz, CASA-1000 loyihasi — elektr energiyasini Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga eksport qilishni maqsad qilgan loyihadir. Yangi elektr quvvatini uzatish tarmog‘i Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston va Pokistonni bir-biriga bog‘laydi.
Loyiha Qirg‘iziston va Tojikistonda mavjud gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr quvvatini Afg‘oniston va Pokistonga uzatish tarmog‘ini qurishni nazarda tutadi.
Tojikiston rasmiylarining aytishicha ushbu loyihani Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, AQSh xalqaro rivojlanish agentligi(USAID), Buyuk Britaniya xalqaro hamkorlik vazirligi(DFID) va Avstraliya xalqaro rivojlanish agentligi(AusAID) qo‘llab quvvatlagan.