TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Turkiya Bosh vaziri o‘rinbosari Mexmet Shimshek rossiyalik hamkasbi Arkadiy Dvorkovich bilan uchrashuvda Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on 9-avgust kuni Sankt-Peterburg shahriga safar uyushtirishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
"Janob elchining bizga bergan xabariga ko‘ra, hurmatli prezidentimiz (Rajab Toyib Erdo‘g‘on) 9-avgust kuni Peterburgda bo‘lishini tasdiqlagan", — degan Shimshek.
Turkiya vitse-bosh vazirining ta’kidiga ko‘ra, davlatlar ikkiyoqlama munosabatlarni iloji boricha tezroq yaxshilash harakatida.
Iyun oyi oxirida esa Turkiya prezidenti Rossiya prezidenti nomiga maktub yo‘llab, unda Suriyada qurbon bo‘lgan uchuvchi o‘limi uchun kechirim so‘radi. Ana shundan so‘ng Kreml hukumati ikkiyoqlama munosabatlarni qayta tiklash haqida takliflarni ko‘rib chiqishga roziligini bildirgan edi.