TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. Qozog‘iston Respublikasi Antiterror markazi Olma-Ota shahrida o‘tkazilgan aksilterror operatsiyasi o‘z poyoniga yetgani haqida xabar berdi. Bu haqda RIA Novosti xabar bergan.
Dushanba kuni Qozog‘istonning Olmalin tumani IIB binosi hamda MXX departamenti binosiga noma’lum shaxslar tomonidan uyushtirilgan hujum tufayli mamlakatda terrorchilikning o‘ta xavfli — "qizil" darajasi e’lon qilingan edi. Shahar o‘rab olindi va u yerda kun davomida aksilterror operatsiyasi o‘tkazildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu jinoyatda gumon qilinayotgan ikki shaxs hibsga olingan.
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Olma-Otada ro‘y bergan otishmani terrorchilik akti, deb baholadi.
Terrorchilarga qarshi o‘tkazilgan operatsiya yakunlangani munosabati bilan Olma-Otadagi terrorchilik xavfining "qizil" darajasi mo‘’tadil(sariq)ga o‘zgartirildi, deyiladi qozog‘iston Xavfsizlik qo‘mitasi rasmiy xabarida.