TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin sodir etilgan terakt munosabati bilan Fransiya rahbari Ollandga chuqur hamdardlik bildirdi, deb xabar qilmoqda Kreml matbuot-xizmati.
Kreml matbuot-xizmati xabariga ko‘ra, Putin "mudhish yovuzlik" ustidan g‘alaba qozonish uchun butun boshli insoniyat kuchini birlashtirib harakat qilish kerakligini alohida ta’kidlab o‘tgan.
"Biz terrorchilikning har qanday shakliga qarshi ayovsiz kurash olib bormog‘imiz lozim: jangarilarni va ularning mafkuraviy rahnamolarini qurolsizlantirib yo‘q qilishimiz, ekstremistik infratuzilmalarini muntazam ravishda barbod qilishimiz va ularning moliyaviy manbalarini yo‘q qilmog‘imiz lozim. Rossiya bu borada Fransiya va boshqa xalqaro hamkorlar bilan jipslashib harakat qilishga tayyor", — deb qo‘shimcha qilgan Putin.
Bundan tashqari, Rossiya rahbari terakt tufayli halok bo‘lgan insonlar oilalariga chuqur hamdardlik bildirib, jabrlanganlarning tezroq sog‘ayishlari haqida tilak bildirgan.