TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Ushbu video teraktga guvoh bo‘lgan odamlar tomonidan suratga olingan. Guvohlarning so‘lariga ko‘ra, Nissada teraktning ilk daqiqalarida odamlar hodisa joyidan tum-taraqay qocha boshlaganlar.
Xabar qilinishicha, Bastiliyani olish milliy bayrami kuni xalq salyut tomosha qilish istagida suv bo‘yida to‘plangan. Mahalliy vaqt bilan 22.30da katta yuk mashinasi olomon ustiga bostirib borgan, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘q ovozlari ham eshitilgan.
Hodisa joyida bo‘lgan odamlarning so‘zlariga ko‘ra, haydovchi yuk mashinasini ikki kilometrcha zigzak tarzida boshqarib borgan va odamlarni yanchgan. U shuningdek, xalqqa qarata o‘t ochgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa tufayli 84 kishi halok bo‘lgan, 120 kishi jarohatlangan. Yuk mashinasi haydovchisi shu joyning o‘zida yo‘q qilingan.
Fransiya prezidenti Fransua Olland hujumni terakt deb atagan va mamlakatdagi 26-iyulda tugashi lozim bo‘lgan favqulodda holat yana uch oyga uzaytirilishini ma’lum qilgan.
Nice Matin nashri xabariga ko‘ra, yuk mashinasi rulida 31 yashar Tunis fuqarosi bo‘lgan. OAVlarda ma’lum qilinishicha, jinoyatchi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga mayda jinoyatlar orqali tanish bo‘lgan, ammo shu paytgacha uning terrorchilarga aloqadorligi qayd etilmagan.
Teraktdan jabr ko‘rganlar orasida chet elliklar, jumladan, rossiyaliklar, shveysariyaliklar, britaniyaliklar va ispanlar bo‘lgan.