Fransiya yana motamda: Nissadagi mudhish terakt tufayli 84 kishi halok bo‘ldi

© REUTERS / Jean-Pierre AmetNissadagi terakt
Nissadagi terakt - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Fransiyaning milliy bayrami - Bastiliyani olish kuni fojia va dahshatga aylandi: sayyohlarning eng sevimli joyi bo‘lmish Nissaga terrorchilar tomonidan hujum uyushtirildi.

TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Fransiyaning Nissa shahrida terakt amalga oshirildi. Yuk mashinasi haydovchisi olomon ustiga bostirib borgan, 84 kishi halok bo‘lgan, 100dan ziyod odamlar jarohatlangan, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.

Xabar qilinishicha, Bastiliyani olish milliy bayrami kuni xalq salyut tomosha qilish istagida suv bo‘yida to‘plangan. Mahalliy vaqt bilan 22.30da katta yuk mashinasi olomon ustiga bostirib borgan, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘q ovozlari ham eshitilgan.

Hodisa joyida bo‘lgan odamlarning so‘zlariga ko‘ra, haydovchi yuk mashinasini ikki kilometrcha zigzak tarzida boshqarib borgan va odamlarni yanchgan. U shuningdek, xalqqa qarata o‘t ochgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa tufayli 84 kishi halok bo‘lgan, 120 kishi jarohatlangan. Yuk mashinasi haydovchisi shu joyning o‘zida yo‘q qilingan.

Fransiya prezidenti Fransua Olland hujumni terakt deb atagan va mamlakatdagi 26-iyulda tugashi lozim bo‘lgan favqulodda holat yana uch oyga uzaytirilishini ma’lum qilgan.

Ajal mashinasi

Nice Matin nashri xabariga ko‘ra, yuk mashinasi rulida 31 yashar Tunis fuqarosi bo‘lgan. OAVlarda ma’lum qilinishicha, jinoyatchi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga mayda jinoyatlar orqali tanish bo‘lgan, ammo shu paytgacha uning terrorchilarga aloqadorligi qayd etilmagan.

Jabrlangan chet elliklar

Nissada Bastiliyani olish kuni bayramida sodir etilgan teraktdan jabr ko‘rganlar orasida chet elliklar, jumladan, shveysariyaliklar, britaniyaliklar va ispanlar bo‘lgan. Avliyo Jorj klinikasi xodimlari Sputnik nashriga bergan xabariga ko‘ra, shifoxonaga turli travmatik jarohatlar olgan 15 nafar fuqaro keltirilgan. Ularning aksariyati chet elliklardir. 

Butun dunyo hamdardlik bildirib, yordam taklif qilmoqda

AQSh prezidenti Barak Obama teraktni keskin qoralab, surishtiruv ishlarida yordam taklif qilgan. Hozirda Mongoliyada safarda bo‘lgan Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev ham Nissada amalga oshirilgan teraktni qattiq qoralab, halok bo‘lganlarning qarindoshlariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Fransuz musulmonlari yig‘ini ham Nissadagi teraktlarni qoralab mamlakatdagi barcha musulmonlarni juma namozini "ushbu varvarlarcha hujum qurbonlari xotirasiga" amalga oshirishga da’vat qilgan.

Interpol ham Fransiya hukumatiga Nissadagi hodisalar yuzasidan o‘z ko‘magini taklif qilgan.

Yangiliklar lentasi
0