TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Nissada sodir etilgan mudhish terakt munosabati bilan Fransiya hukumatiga chuqur hamdardlik bildirdi va dunyo hamjamiyatini terrorchilikka qarshi kurashda birlashishga chaqirdi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.
"Ma’lumki, terrorchilik chegara bilmaydi, u Yevropa uchun ham, Osiyo uchun ham umumiy chaqiriqdir. Nissada sodir etilgan terakt, ming afsuski 80dan ortiq insonni hayotdan olib ketdi, ular orasida bolalar, sayyohlar bor. OAVlarda halok bo‘lganlar orasida Yevropa Ittifoqi va Rossiya fuqarolari bo‘lgani aytilmoqda. Bu chindan ham g‘ussali hodisa", — deya bayonot qilgan Rossiya Bosh vaziri Mongoliya poytaxti Ulan-Batorda bo‘lib o‘tayotgan ASEM (Osiyo — Yevropa) xalqaro tashkiloti forumida.
"Bunday chaqiriqlarga birgalikda javob izlash, hamjihatlikda ish ko‘rish va terrorchilikka qarshi kurashish uchun bizdan talab etiladigan harakatlarni amalga oshirish bizning vazifamizdir. Terrorchilar va ularning homiylari faqat kuchni tushunadi va biz uni ishlatishimiz kerak", — deya qo‘shimcha qilgan Medvedev.
Payshanba kuni, Fransiyaning Nissa shahrida terakt amalga oshirildi. Bastiliyani olish milliy bayrami munosabati bilan salyut tomosha qilish istagida suv bo‘yida to‘plangan olomon ustiga katta yuk mashinasi bostirib borgan va odamlarni yancha boshlagan, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘q ovozlari ham eshitilgan.
Hodisa joyida bo‘lgan odamlarning so‘zlariga ko‘ra, haydovchi yuk mashinasini zigzak tarzida boshqarib borgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa tufayli 84 kishi halok bo‘lgan, 120 kishi jarohatlangan. Yuk mashinasi haydovchisi shu joyning o‘zida yo‘q qilingan.