TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Hindistonning choy ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri janjalkash siyosatchi, o‘zining qarama-qarshi chiqishlari bilan mashhur milliarder Donald Trampni ko‘k choy yordamida o‘zgartirmoqchi, deb xabar qilgan RIA Novosti.
"Donald Tramp butun dunyoni — meksikaliklarni, musulmonlarni, yahudiylarni, qoratanlilarni, ayollarni, immigrantlarni, geylarni, demokratlarni va hatto, jin ursin, respublikachilarning o‘zlarini ham notinchlantirdi. Biz uni to‘xtata olmaymiz, ammo, balki, biz uni o‘zgartira olarmiz?", — deyiladi kompaniyaning YouTube da joylashtirilgan videoroligida.
Shov-shuvli chiqishlari, qarama-qarshi fikrlari va janjalkashligi bilan mashhur siyosatchini kompaniya ko‘k choy yordamida o‘zgartirmoqchi. Olti ming dona paketchali choy bugun ertalab milliarderning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi joylashgan Trump Tower binosiga yuborilgan.
Tramp Hindistondan yuborilgan sovg‘ani qabul qilgan-qilmagani rolikda aytilmagan.