TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Toshkent shahrining barcha tumanlarida yoshlar uchun mo‘ljallangan "Kamolot" kitob do‘konlarini ochish rejalashtirilmoqda, deb xabar qilmoqda Toshkent shahar hokimligi matbuot-xizmati.
Xabarda ta’kidlanishicha, ushbu masala 12-iyul kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining o‘n beshinchi sessiyasida muhokama qilingan.
"Kitob do‘konlari tarmog‘i yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida tashkil qilinmoqda", — deyiladi xabar matnida.
Tuman hokimliklariga va mutasaddi tashkilot rahbarlariga bir oy muddatda kitob do‘konlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli taklif kiritish tavsiya etilgan.