TOShKENT, 14-iyul — Sputnik, Vladimir Dobrovolskiy. 13 iyulda Brusselda bo‘lib o‘tgan Rossiya-NATO Kengashi majlisida Rossiya NATOni Qora dengizdagi harbiy faollik qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi, deb ma’lum qildi Rossiyaning NATOdagi doimiy vakili Aleksandr Grushko. RIA Novosti xabari asosida.
"Biz bu masalani muhokama qildik, biz Qora dengiz masalasini muhokama qildik. Biz NATOga a’zo mamlakatlarning Qora dengiz regionidagi harbiy faolligi vaziyatni notinchlantirishga va region xavfsizligiga putur yetkazishi mumkie, degan fikrda ekanligimizni ularga ma’lum qildik", — dedi Grushko jurnalistlarga.
Bundan sal oldin Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan NATO sammitida alyans va Ukraina birgalikda Rossiyaning Qora dengiz regionida harbiy kuchlar sonini oshirishga qaratgan harakatlaridan tashvishda ekanliklari haqida bayonot qilishgan edi.
1936 yildagi Montryo konvensiyasiga muvofiq, Qora dengiz bilan chegaradosh bo‘lmagan davlatlar harbiy kemalarining Qora dengizda bo‘lishi 21 kun bilan cheklangan. Shu tariqa, NATO davlatlaridan Qora dengizda doimiy ravishda Ruminiya, Turkiya va Bolgariya kemalari bo‘lishi mumkin. Ruminiya "mintaqada urushni istamasligini" aytib, NATO kuchlarining joylashuvini kuchaytirish tashabbusida ishtirok etishdan bosh tortgan.