TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Turkiya Suriya, Iroq va Misrga nisbatan adovat saqlamaydi, deya bayonot qildi Turkiya Bosh vaziri Binoli Yildirim. RIA Novosti xabari asosida.
"Iroq, Suriya, Misr va shu regiondagi boshqa ko‘plab davlatlarga nisbatan adovat saqlashimiz uchun hech qanday asos mavjud emas. Ammo munosabatlarni rivojlantirishimiz uchun ko‘pgina sabablar bor. Vaqt o‘tishi bilan biz bunga erishamiz ham", — deb ta’kidlagan Yildirim Anqaradagi Adolat va taraqqiyot partiyasi faollari qarshisida chiqish qilar ekan.
Yildirim, Turkiya shu sababdan Rossiya bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yayotgani haqida eslatib o‘tdi. "Mamlakatlar o‘rtasidagi dushmanchilik doimiy bo‘lishi mumkin emas. Siyosiy yetakchilar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashishi mumkin, lekin odamlar nima deyishlari muhimroq. Odamlar Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi mojaroni oqlashmagan edi, oxir-oqibat idrok ustun keldi. Rossiya va Turkiya xalqlari ovozi tinglandi, natijada yarashish jarayoni ishga tushirildi", — deya qo‘shimcha qildi Bosh vazir.