Toshkent avtobuslari nega yonmoqda?

Oloy bozori yonidagi bekat
Oloy bozori yonidagi bekat - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Keyingi vaqtlarda Toshkent jamoat transportlari kishini vahimaga soladigan darajada shiddat ila yo‘llarda masha’lga aylanmoqda. Sputnik O‘zbekiston muxbirlari nega bunday bo‘layotgani sababini aniqlashga harakat qildilar.

TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Toshkentliklar uchun yoz — bu nafaqat ta’til mavsumi, balki poytaxt avtotransportlariga hadik bilan qarash vaqti kelgani belgisi hamdir. To‘g‘ri-da, mingan avtobusingiz favqulodda yonib ketsa…

Janubiy vokzal oldida yonib ketgan avtobus - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentda yana yo‘lovchi avtobuslar yonib ketdi
Bu hadiklar asossiz emas — so‘nggi uch hafta mobaynida Mercedes-Benz Conecto LF markasiga mansub uchta avtobus yo‘lda, ketib borayotgan vaqtida alanga oldi. Sputnik muxbirlari nemislarning maqtalgan texnikasi nima sababdan tez-tez mash’alaga aylanayotgani sababini aniqlashga harakat qildilar.

Toshkentdagi avtobus parklarining bir vakili Sputnik muxbiriga bergan ma’lumotga ko‘ra, avtobuslarning ketma-ket yonishining bir nechta sabablari mavjud. Ya’ni yong‘in to‘planib qolgan muammolar yig‘indisi sababli yuzaga kelmoqda.

"Bugungi kunda "Toshshahartransxizmat" avtobus parkida 600ga yaqin Mercedes-Benz Conecto LF hamda 40dan ortiq Mercedes-Benz Conecto O345 avtobuslari mavjud. Aynan mana shu ikki modeldagi avtobuslar yo‘lovchilar uchun ham, poytaxt jamoat transporti rahbariyati uchun ham katta bosh og‘riqqa aylanmoqda.

2000-yillar boshida O‘zbekiston sharoitida ekspluatatsiyaga yaroqsiz qimmatbaho nemis avtobuslarini xarid qilish qarori kim tomonidan qabul qilingani esa jumboqligicha qolmoqda. Faqat mana shu qaror kelajakda barcha muammolarni belgilab bergani, ravshan va bunga hech kim shubha qilmaydi.

Kim bilsin, balki shartnomani imzolagan har ikkala tomon ham bu ish tufayli mo‘maygina daromad olishga muvaffaq bo‘lgandir?..

To‘g‘ri, Nemis texnikasi sifati dovrug‘i allaqachon dunyoga doston bo‘lgan. Faqat afsuski, O‘zbekistonda o‘ziga xos faktorlar ishga tushdi. Yo‘lovchilar oqimi ortib borishi va avtobuslar soni yetishmasligi tufayli, so‘nggi yillarda nemis texnikasi ayovsiz ekspluatatsiya qilindi.

Avtobuslarga texnik xizmat ko‘rsatadigan malakali mutaxassislar yetishmasligi hamda original ehtiyot qismlar yo‘qligi tufayli esa vaziyat yanada murakkablashdi.

Natijada, avtoparklar bu muammoga oson yechim topdi — ular haqiqiysidan ancha arzon turuvchi Xitoyda ishlab chiqarilgan ehtiyot qismlarni xarid qila boshladilar, bu esa shubhasizki, sifatga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.

Oqibatda, poytaxt yo‘llarida o‘n yildan ortiq xizmat qilib qo‘ygan avtobuslar yonishni boshladi.

Mash’alga aylangan ilk  avtobuslar Mercedes-Benz Conecto O345 bo‘ldi. Deyarli barcha holatlarda yong‘in elektr provodlarning qisqa tutashuvi natijasida yuzaga kelgan. 2014-yilning o‘zidayoq 8ta ana shunday holat qayd etilgan.

Mexanizmlar yomon ishlashiga salbiy ta’sir etuvchi omillar sifatida esa havo haroratining keskin o‘zgarib turishi va havodagi changning yuqoriligi sabab qilib ko‘rsatildi. Nemis kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda O‘zbekiston — avtobuslar ekspluatatsiyasi eng og‘ir kechgan region sifatida qayd etildi. Texnikani xarid qilish qarori qabul qilinayotgan vaqtda bu faktorlar haqida hech kim bosh qotirmagani kishini ajablantirmay qo‘ymaydi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham Toshkent jamoat transportlari qachon yonishdan to‘xtaydi degan savol barchani birdek qiziqtiradi. Hozircha bu savol ochiqligicha qolmoqda.

"Toshshahartransxizmat" rahbariyati jamoat transporti tanloviga kelajakda aql bilan yondoshadi, deb umid qilishdan boshqa choramiz yo‘q…

Yangiliklar lentasi
0