TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi o‘zbek shou-biznesi yulduzlarining Ahmadboy Tursunboyev moliyaviy piramidasiga aloqadorligiga ishonishmaydi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga tashkilot rahbariyati.
Birlashma rahbariyatining fikricha, o‘zbek estradasi yulduzlari va firibgar Ahmadboy o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘lmagan gap. Ammo birlashma vakilining aytishicha, bu masala yuzasidan "O‘zbeknavo" hech qanday surishtiruv o‘tkazmagan. "Chunki bu tashkilot vakolatiga kirmaydi", deb ta’kidlagan suhbatdosh.
E’lon qilingan ro‘yxatga muvofiq, Ahmadboy tomonidan tashlangan "to‘r"ga ilinganlar qatorida: birinchi raqamli o‘zbek estradasi yulduzi Ozodbek Nazarbekov(400 ming $), hofiz Sherali Jo‘rayev(300 ming $), Rashid Holiqov(250 ming $), Murod Rajabov(100 ming $), Jahongir Poziljonov(50 ming $), Munisa Rizayeva(35 ming $), Sardor Rahimxon(15 ming $)lar sanab o‘tilgan edi. Ro‘yhatda jami 18 nafar mashhurlar qayd etilgan.
Shuni e’tirof etish joizki, o‘zbek estradasi yulduzlari hozircha Ahmadboy bilan bog‘liq mojaro yuzasidan izoh berishga shoshilmayaptilar. Ular bu borada sukut saqlashni ma’qul ko‘rishmoqda. Manbalarning so‘zlariga qaraganda, san’atkorlarning aksariyati huquqni muhofaza qilish organi xodimlari va muxlislar e’tiborini jalb qilmaslik maqsadida shunday yo‘l tutmoqda.
San’atkorlar orasida faqatgina Obid Asomov hamda Munisa Rizayevalar Instagram sahifasida "Ahmadboy mashmashasi" haqida o‘z izohlarini yozib qoldirganlar.