TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. Iqtisodiyot va transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlik — Shanxay Hamkorlik Tashkiloti faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanishi Ozarbayjon ommaviy axborot vositalarining ham e’tiborini o‘ziga tortdi, deb xabar qiladi "Jahon" AA.
Nashrda yozilishicha, yaqinda Ozarbayjonning "Trend", "Turkish Forum" va "Ethnoglobus" axborot-tahlil nashrlarining elektron sahifalarida ushbu mavzuga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qilingan.
"Bu maqolalarda iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish Shanxay Hamkorlik Tashkilotining dasturiy maqsad va vazifalariga erishishdagi eng muhim shartlardan biri hisoblanishi qayd etilgan. Bunda ushbu tuzilma savdo hamda sarmoya faoliyati, yuqori texnologiyaga asoslangan zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish uchun qulay sharoitlarni ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar muhokamasi va hal etilishiga minbar sifatida xizmat qilayotgani o‘z e’tirofini topgan", — deyiladi xabar matnida.
Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining nuqtayi nazari xususida atroflicha to‘xtalar ekan, elektron nashrlar mamlakatimizning savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, ShHT bozorlarida talab va ehtiyoj mavjud bo‘lgan sanoat mahsulotlarini tuzilmaga a’zo davlatlar tomonidan bir-biriga yetkazib berilishini kengaytirish, o‘zaro savdo-sotiqni rag‘batlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish, shuningdek, bu sohadagi boshqa tadbirlarni amalga oshirish yo‘lidan borayotgani alohida qayd etilgan.
Shu o‘rinda 2015-yil oktabrida Toshkentda ShHTga a’zo davlatlar tranzit salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha Maxsus ishchi guruhining IX yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani ham qayd etilgan.