Davlat sanitariya boshqarmasi kuydirgi kasalligi haqidagi mish-mishlarni inkor etdi

Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Bosh davlat sanitariya vrachi Saidmurod Saidaliyevning Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bergan xabariga ko‘ra, bugungi kunda respublikada kuydirgi kasalligiga chalingan bemorlar qayd etilmagan.

TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi internet tarmog‘ida katta shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan — O‘zbekistonda kuydirgi kasalligining avj olganligi haqidagi ma’lumotni inkor etdi.

Eslatib o‘tamiz, Hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish xalqaro tashkiloti ma’lumotlariga asoslangan holda jahon OAVlari keyingi paytlarda ayrim mamlakatlarda xavfli infeksiyalar bilan bog‘liq vaziyat murakkablashayotgani, qator davlatlarda kuydirgi, oqsil va Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kabi kasalliklarning tarqalayotgani haqida bong urilmoqda.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston chegarasi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston kuydirgi kasalligi tufayli Qozog‘iston bilan chegarada nazoratni kuchaytirdi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Bosh davlat sanitariya vrachi Saidmurod Saidaliyevning Sputnik muxbiriga bergan xabariga ko‘ra, bugungi kunda respublikada kuydirgi kasalligiga chalingan bemorlar qayd etilmagan. Kuydirgi, oqsil va boshqa turdagi xavfli kasalliklar yurtimizga chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida bozorlarda, kushxona, so‘yish maydonchalari, go‘sht do‘konlari va boshqa joylarda chorva mollar migratsiyasi ustidan davlat veterinariya nazorati yanada kuchaytirilgan. Qo‘shni davlatlar bilan chegara hududlardagi barcha chorvachilik obyektlari dezinfeksiya qilinib, chorva mollari ko‘rikdan o‘tkazilib, cho‘miltirish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Olib borilayotgan mana shunday chora-tadbirlar tufayli, mamlakatimiz hududida barqaror epizootik vaziyat saqlanmoqda.

"Joriy yilda O‘zbekistonda qish iliq keldi, buning natijasida yuqumli kasalliklarni uyg‘otuvchi infeksiyalar ko‘payishi uchun qulay sharoit hosil bo‘ldi. Shular orasida kuydirgi kasalligi ana shu turdagi eng xavfli infeksiyalardan biri hisoblanadi. Kasallik mavsumi may oyida boshlanib, noyabrgacha davom etadi. Shu tufayli mamlakat chegarasida nazoratni kuchaytirdik, joylarda doimiy tarzda dezinfeksiya ishlarini olib borapmiz", — deb ta’kidladi Saidmurod Saidaliyev.

Bundan tashqari, shifokorning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni davlatlardan olib kelinayotgan chorvachilik mahsulotlari va hayvonlarni yurtimizga kiritish borasida ba’zi cheklovlar o‘rnatilgan. Yuqumli kasalliklar qayd etilgan davlatlardan ruxsatnomasiz olib kelingan dekorativ qushlar, tuxum, go‘sht-sut va ulardan tayyorlangan mahsulotlar mamlakatimiz hududiga kirishining oldi olinmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot-xizmati xabariga ko‘ra, joylarda olib borilayotgan epizootiyaga qarshi tadbirlarning o‘z vaqtida va samaradorligini oshirish maqsadida Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan ming dona purkagich, to‘rt yuz dona emlamalarni olib yurish uchun maxsus termosumkalar, yuzdan ortiq motosikllar xarid qilinib, qishloq joylardagi veterinariya xizmat ko‘rsatish nuqtalariga yetkazib berildi.

Shu bilan birga, epizootiyaga qarshi ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida mamlakat, viloyat va tumanlar kesimida shtablar tuzilib, hayvonlarni profilaktik emlash, tashxislash, davolash, cho‘miltirish, chorvachilik obyektlarini profilaktik dezinfeksiyalash ishlarining tahlili olib borilmoqda.

Bunday muammolar kelib chiqishining oldini olish har bir insondan tibbiy madaniyat va o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishni talab etadi. Buning uchun sog‘lom turmush tarziga, sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘la rioya etish lozim. Uylarda qoramol boqishda molxonalarni toza tutish, go‘ng va boshqa chiqindilarning yig‘ilib qolishi oqibatida turli infeksiyalarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazish, hayvonlarni yiliga bir marotaba kuydirgi kasalligiga qarshi profilaktik emlatish, hayvonlarda biror-bir kasallik alomatlari kuzatilganda darhol  hududiy  veterinariya xizmatiga murojaat etish darkor.

Yangiliklar lentasi
0