TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. O‘zbekiston hukumati Qozog‘istonda kuydirgi kasalligi avj olganligi tufayli chegaradagi nazoratni kuchaytirdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Iyun oyi oxirida Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatida 9 kishi kuydirgi kasalligiga chalinganligi ehtimoli bilan yuqumli kasalliklar kasalxonasiga yotqizilgan, shulardan 2 nafari hayotdan ko‘z yumgan. Mamlakat milliy iqtisodiyot vazirligi matbuot-xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Yerqindik tumani aholisi orasida 8 kishi shu kasalga chalingan. Sal vaqt o‘tib, O‘zbekiston bilan chegaradosh hudud — Janubiy-Qozog‘iston viloyatlarida kuydirgi kasalligi avj olgani haqida ma’lumotlar tarqalgan.
"Bugungi kunda kuydirgi kasalligini yuqtirish holatlari O‘zbekistonda qayd etilmagan. Ammo, shunday bo‘lsa-da, bu holat qattiq nazoratga olingan. Qozog‘iston bilan chegarada, chegara punktlarida har kuni sanitariya-epidemiologiya xodimlari navbatchilik qilishmoqda", — deb xabar qilgan agentlikka suhbatdosh.
Suhbatdoshning ta’kidlashicha, nazorat-o‘tkazish punktlarida chegaradan olib o‘tilayotgan mahsulotlar qattiq nazoratdan o‘tkazilib, jonivorlar emlanmoqda, aholi orasida vaksinatsiya o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi veterinariya Bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yozgi mavsumda jazirama tufayli yuqumli kasalliklar tarqalishi holati avj oladi. Shu tufayli regionlarda profilaktika ishlari kuchaytiriladi.