TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri M.Yo‘ldoshevning ma’lumot berishicha, joriy yilda hijriy-qamariy taqvimga binoan Ramazon oyi 30 kun bo‘lib, arab mamlakatlarining oyni kuzatish markazlari xulosasiga ko‘ra, musulmon davlatlari, jumladan Saudiya Arabistonida ham Ramazon hayitining birinchi kuni 6-iyul kuniga to‘g‘ri kelishi taxmin qilinmokda, deb xabar qilgan darakchi.uz nashri.
Bugungi kunda Rossiya va Turkiya musulmonlari diniy boshqarmalari joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kunini 5-iyul deb rasman e’lon qilishga moyilligini bildirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti bergan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonda hilolning ko‘rinishi 5-iyul kuni Quyosh botgandan so‘ng kuzatiladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 6-iyul kunini hayitning birinchi kuni deb e’lon qilinishi haqida qaror qabul qilindi.
Bunday to‘xtamga kelinishi Islom ta’limotiga muvofiq, Rasululloh (s.a.v.) ning “Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va yangi oyni ko‘rib hayit qilinglar” degan hadisi shariflariga mos keladi.
Ramazon oyining yurtimizda to‘liq 30 kun davom etishi azaliy milliy va diniy qadriyatlarimiz hamda urf-odatlarimizga mos va hamohang hisoblanadi.
Ushbu qaror timsolida yurtimizda e’tiqod erkinligi, fuqarolarimizning diniy tuyg‘ularini hurmat qilish va e’zozlash kabi tamoyillar naqadar katta ahamiyat kasb etilishi namoyon bo‘lmoqda.