TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Shu yilning mart oyida Andijon shahrida odam o‘g‘irlash jinoyati sodir etilgan bo‘lib, uni fosh etish va jinoyat oqibatida yuzaga keladigan noxush holatlarning oldini olishda shahar prokuraturasi jamoasining sinchkovligi, holatni to‘g‘ri baholay olish hamda zukkoligi bu jinoyat izini topish va uni qisqa muddatda fosh etilib, aybdorga jazoning muqarrarligini ta’minlashga zamin yaratdi, deb xabar qiladi andijonsadosi.uz nashri.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida V.Ashurova 15-mart kuni Namangan viloyati Pop tumani IIBga qarashli “Qamchiq dovoni” nazorat maskanidan yengil mashinada yo‘lovchi sifatida Toshkent shahriga ketayotgan vaqtida ushlandi va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida V.Ashurova voyaga yetmagan S.Raimovani Toshkent shahriga davolash uchun olib ketayotganligini bahona qilib, 13-mart kuni uning barcha oila a’zolaridan yashirin ravishda olib chiqib ketganligi, Andijon shahrida biroz aylanib, Asaka tumani orqali Marhamat tumaniga, u yerdan Farg‘ona viloyati Quva tumaniga, keyinchalik esa Farg‘ona shahriga borganligini bildirdi. U Farg‘ona shahrida tunab qolib, ertalab Qo‘qon shahriga borib ishlash uchun ish qidirganligi, biroq ish topolmaganidan ishlash maqsadida Toshkent shahriga yo‘lga chiqqanligi, barchaga S.Raimovani o‘zining qizi sifatida tanishtirganligi va Toshkent shahriga ketayotgan vaqtida qo‘lga olinganligi aniqlandi.
Tergov harakatlari yakunlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborildi. Jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, guvohlarning ko‘rsatmalari, ish bo‘yicha to‘plangan hujjatlar va dalillarga asosan V.Ashurovaning aybi to‘liq o‘z tasdig‘ini topganligi sababli u sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-kismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, kodeksning 57-moddasiga ko‘ra 2-yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘talishi belgilandi.