TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. 2016-yilning 22-iyun kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar Madaniyat vazirlarining o‘n uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B.Axmedov raislik qildi.
ShHTga a’zo davlatlarning madaniyat vazirliklari rahbarlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlikning rivojlanishi do‘stona muhitda va to‘liq hamjihatlik sharoitida atroflicha muhokama qilindi hamda ShHTga a’zo mamlakatlar hukumatlari tomonidan 2007-yil 16-avgustda Bishkekda imzolangan Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim va tashkilotga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining avvalgi yig‘ilishlarida erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat chog‘ida ShHT doirasida madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, hamjihatlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlash, turli xalqlar va dinlarning birdamlikda kamol topishi, ShHTga a’zo davlatlar xalqlarining ko‘p asrlik an’analari va urf-odatlari to‘g‘risidagi bilimlarni keng yoyishga barcha tomonlar birgalikda harakat qilishlari qayd etildi.
Uchrashuv davomida kelgusida ShHT hududida, jumladan Buyuk ipak yo‘li yo‘nalishidagi mavjud madaniy merosni saqlash va o‘rganish bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
ShHT hududidagi madaniy merosni saqlash va o‘rganish, madaniy boyliklarni talon-taroj qilish hamda ularni noqonuniy tarzda olib kirish va olib chiqishni oldini olish, arxitektura yodgorliklarini reestri va ma’lumotlar bazasini yaratish, madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish hamda noyob san’at asarlarini ta’mirlash va tomonlarni qiziqtirgan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashda hamkorlikni yanada faollashtirish masalalari kelishildi.
Shuningdek, ShHT hududida, jumladan Xitoy Xalq Respublikasida “Ipak yo‘li” san’at festivali, Qirg‘iziston Respublikasida “Art-Ordo” teatr festivali, Rossiya Fderatsiyasida “Berdemlik – Sodujestvo” san’at festivali va Tojikiston Respublikasida “Chodarihayol” xalqaro qo‘g‘irchoq teatrlari festivali kabi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan tadbirlar xalqlar aro madaniy hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi hamda do‘tlik va qo‘shnichilikni mustahkamlashga ko‘maklashadi. Mazkur shakldagi tadbilar ShHTning barcha davlatlari ijod namoyondalarini yagona maydonda birlashtirish va ushbu davlatlar milliy koloritlarini ifoda etadigan yutuqlarini namoyish qilish uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi.
ShHTga a’zo mamlakatlar madaniyat vazirlarining navbatdagi yig‘ilishini 2017-yil 22-iyun kuni Ostona shahrida (Qozog‘iston Respublikasi) o‘tkazilishi to‘g‘risidagi Qozog‘iston tomoning taklifi ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.