TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi ShHT doirasida hamkorlik qilish imkoniyati tobora kengayib, uning roli va ta’siri muttasil ortib borayotganini ta’kidlab o‘tdi, deya iqtibos keltiradi Xitoy yetakchisi so‘zlagan nutqdan O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
"ShHT doirasida hamkorlik qilish imkoniyati tobora kengayib, uning roli va ta’siri muttasil ortib bormoqda", — deb ta’kidlaydi Si Szinpin O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi tomonidan uning tashrifi munosabati bilan chop etilgan maqolada.
"ShHTni kengaytirish boshlanganidan buyon unga a’zo bo‘lish istagini bildirgan davlatlar safi kengayib bormoqda. U geografik jihatdan Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Janubi-sharqiy Osiyoni qamrab olmoqda", — deb e’tirof etadi o‘z maqolasida Xitoy rahbari.
Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha Shanxay konvensiyasi, ShHTga a’zo davlatlarning chegara masalalari bo‘yicha hamkorligi va hamjihatligi to‘g‘risidagi shartnomaning tuzilishi hamda amalga oshirilishi transchegaraviy jinoyatchilik, terroristik va ekstremistik guruhlar faoliyatiga barham berish va shu tariqa tashkilotga a’zo davlatlar oldida turgan xavfsizlikka rahna soladigan tahdidlarga qarshi samarali kurashish imkonini bermoqda, deb hisoblaydi XXR Raisi.
Si Szinpinning fikricha, ShHT tashkil topganining 15-yilligini nishonlash nuqtayi-nazaridan, bo‘lajak sammit tashkilotni rivojlantirish tajribasini umumlashtirish va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish uchun alohida ahamiyat kasb etadi. "ShHT doirasida savdo-iqtisodiy, transport, energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi va gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash tashkilotga a’zo davlatlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashmoqda va buning samarasida yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik hamda o‘zaro manfaatdorlik g‘oyasi xalqlarimiz qalbiga yanada chuqur singib bormoqda", — deb ta’kidlagan XXR Raisi.