TOShKENT, 26-may — Sputnik. Shimoliy Koreya hozircha AQShdagi marralarni aniq nishonga ololmaydi, ammo u buni to‘g‘rilashga harakat qilyapti, dedi Obama Yaponiyadagi "katta yettilik" sammit vaqtida jurnalistlarga.
"Shimoliy Koreya — hammamiz uchun juda katta xatar tug‘dirmoqda. Ayni vaqtda ular AQShdagi marralarni samarali nishonga ololmaydi, ammo, har safar, muvaffaqiyatsiz bo‘lsa ham, sinov o‘tkazish barobarida ular nimanidir o‘rganyapti", — dedi AQSh prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, 6-yanvar kuni Shimoliy Koreya AQSh tomonidan yo‘q qilinishi mumkinligi xavfini oldini olish maqsadida vodorod bombasini sinovdan o‘tkazganini ma’lum qilgan edi. Amerikaliklar bunga javoban Janubiy Koreyaga strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qurol-aslahalarni kirita boshladilar.Yakshanba kuni Tinch okeanidagi amerikaning Guam harbiy bazasidan Janubiy Koreyaga uchar raketalar bilan qurollantirilgan V-52 bombardimonchisi olib kelindi. Shu kunlarda, Koreya qirg‘oqlariga "Ronald Reygan" atom aviatashuvchisi ham olib kirilishi ehtimoli muhokama qilinmoqda.
"Atomga qarshi atom bilan, bu bizning javobimiz", — Shimoliy Koreyaning eng ommabop "Nodon sinmun" nashri shunday sarlavha ostida maqola chop etib, AQShning Koreyaga nisbatan siyosatini qoralab chiqdi.
"Hozir AQSh Janubiy Koreyaga o‘zining strategik bombardimonchisini olib kirishini muhokama qilyapti. Uning bu harakati vaziyatni urush yoqasiga olib kelyapti", — ta’kidlaydi nashr. "Amerika "holatga real baho berishi" lozim. Koreyaga qarshi chiqish qanday yakun topishini "tarixga nazar solib" yana bir yodga olsa, yomon bo‘lmasdi.
Amerikaliklarning baxtiga qarshi o‘tmishda "Koreya-Amerika" to‘qnashuvida biz g‘olib chiqqanmiz", — deb yozadi "Nodon sinmun".
2015 yilning oktabrida "Ronald Reygan" aviatashuvchisi Janubiy Koreyadagi harbiy-dengiz mashg‘ulotlarida qatnashgan. U 80ga yaqin harbiy samolyot va 5,4 mingga yaqin harbiy xizmatchilarga ega.
1950-1953 yillarda Koreya yarim orolidagi harbiy to‘qnashuv tinchlik bitimi bilan yakun topganidan beri Qo‘shma Shtatlar va Shimoliy Koreya munosabatlari "sovuq urush" holatida.