TOShKENT, 26-may — Sputnik. Moskva shahar Presnenskiy sudi chorshanba kuni mudhish qotillikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik enaga Gulchehra Boboqulovaning hibs muddatini uzaytirdi.
"Tergovchining Boboqulovaning hibs muddatini 29-iyulgacha uzaytirish haqidagi rasmiy iltimosnomasi qondirilsin”, — degan sudya.
Tergovchi o‘z iltimosnomasi maqsadini ayblanuvchi yashirinishi mumkinligi bilan izohladi. “Tergovni yakuniga yetkazish kerak”, — deb ta’kidladi tergovchi. Prokuror ushbu iltimosnomani qo‘llab-quvvatladi.
"Men bunga qarshiman, meni Samarqandga qaytarishlaringizni so‘rayman, yoki uy qamog‘iga hukm qiling, men davolanishim kerak”, — deb murojaat qilgan sudga ayblanuvchi. Sudyaning “siz o‘zingizni ruhiy xasta deb hisoblaysizmi?”, degan savoliga Boboqulova “ha”, deya javob qaytargan.
Qotil-enaganing ruhiy xastaligi hozircha rasmiy hujjatlarda o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q.