TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Moskvada vahshiylarcha qotillik sodir etganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik Gulchehra Boboqulova Moskva shahridagi mahbuslarni vaqtincha saqlash (SIZO-2) izolyatorining ruhiy xastalar saqlanadigan bo‘limiga joylashtirishdi, deb xabar berildi Moskva shahar huquqni muhofaza qilish bo‘limi organida.
Eslatib o‘tamiz, 29-fevral kuni Moskva shahri “Oktabrskoe pole” metrosi stansiyasida qo‘lida yosh bola boshini ushlab olgan ayol qo‘lga olindi. Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, ayol “Allohu akbar!” deb baqirib, atrofdagilarni hozir o‘zini portlatib yuborishi bilan qo‘rqitgan. Shu bois uning yoniga borishga hech kim jur’at etmagan.
Oradan uzoq vaqt o‘tmay, ayol politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Metro atrofida portlovchi modda aniqlanmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, 1977-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Gulchehra Boboqulova Moskva shahridagi Narodnoe opolchenie ko‘chasidagi ko‘pqavatli uylarning birida istiqomat qiluvchi oilada enaga bo‘lib ishlagan.
Taxminlarga ko‘ra, ayol qizchaning ota-onasi uydan chiqib ketishlarini kutgan va shundan so‘ng qizchani o‘ldirib, kvartiraga o‘t qo‘ygan va telbanamo ahvolda ko‘chaga chiqib ketgan. Yong‘in o‘chirilgach, qizaloqning boshsiz tanasi aniqlangan(ilk ekspertiza xulosalariga ko‘ra, qizaloq avval bo‘g‘ib o‘ldirilgan va shundan so‘ng boshi tanasidan judo qilingan bo‘lishi ham mumkin).
O‘zbekiston IIV matbuot-xizmatiga qo‘ng‘iroq qilganimizda, Moskva shahrida o‘zbekistonlik ayol tomonidan sodir etilgan mudhish jinoyat haqida Rossiya internet resurslari orqali xabardor bo‘lishgani haqida ma’lum qilishdi. Jinoyatda ayblanayotgan ayol bilan bog‘liq savollarga izoh berishmadi.