TOShKENT, 25-may — Sputnik. AQSh prezidenti Barak Obama “katta yettilik” sammitida ishtirok etish uchun chorshanba kuni Yaponiyaga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
“Katta yettilik” sammiti 26-27 may kunlari Yaponiyaning Ise-Sima shahrida o‘tkaziladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Obama tashrifi davomida Xirosima shahrini ziyorat qiladi. “Bu tarixiy voqea bo‘lishi kutilmoqda. Obama — 1945-yildagi atom bombardimonidan so‘ng Xirosimaga tashrif buyurgan birinchi Amerika prezidentiga aylanishi mumkin”, deb yozadi nashr.
Obama sal kam 200 ming kishining yostig‘ini quritgan Xirosima va Nagasaki fojialari uchun kechirim so‘ramaydigan bo‘ldi, deya bong urmoqda Yaponiya nashrlari. Ammo, shu bilan birga Yaponiya hukumati uchun atom bombasi qurboniga aylangan shaharlarning biriga Amerika prezidentining tashrif buyurishi katta voqelikligi ta’kidlanmoqda.
"G7" sammitiga shuningdek, Germaniya, Italiya, Kanada va Fransiya rahbarlari yetib kelishmoqda.
Yopiq tarzda o‘tkaziladigan muzokaralarda sammit ishtirokchilari terrorchilik va kiberjinoyatchilik, global iqtisodiyot masalalari, Xitoy ta’sir doirasining tobora ortib borayotgani, Ukraina, Yaqin sharq atrofidagi voqealar hamda Shimoliy Koreya atrfidagi yadroviy masalalarni muhokama qilishlari kutilmoqda.