TOShKENT, 25-may — Sputnik. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi 2016-yil (hijriy 1437-yil) uchun zakot, fitr sadaqa va fidya nisoblarini e’lon qildi. Qaror matni musulmonlar idorasining rasmiy veb portalida e’lon qilingan.
Qarorga ko‘ra, joriy yil uchun zakot nisobi 11 475 000 so‘m, fitr sadaqasi 4000 so‘m, fidya miqdori 10000 so‘m etib belgilandi.
Ushbu qarorga ko‘ra:
1. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining milodiy 2016-yil (hijriy 1437-yil) uchun zakot nisobi 1 gr. tilloning bugungi kundagi bozordagi o‘rtacha narxi 135 000 so‘m ekanligini e’tiborga olib, 85 gr. tillo hisobidan zakot nisobi 11 475 000 so‘m ekanligi va mazkur summadan qirqdan bir hissasi, ya’ni 286 875 so‘m zakot chiqarish to‘g‘risidagi xulosasi ma’qullandi.
2. Fitr sadaqasi miqdori viloyat, shahar va tuman bozorlaridagi 2 kg. bug‘doy narxidan kelib chiqqan holda belgilandi. Masalan 2016-yilda Toshkent shahar bozorida 1 kg. bug‘doyning narhi o‘rtacha 2000 so‘m bo‘lsa, demak 2 kg. bug‘doy narxi 4000 so‘m bo‘ladi.
3. Bu yilgi fidya miqdori bir och odamning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, o‘rtacha 10 000 so‘m deb belgilandi.
2015 yilda zakot nisobi 7 140 000 so‘m, fitr sadaqasi 3200 so‘m, fidya miqdori 10000 so‘m; 2014-yilda zakot nisobi 6 800 000 so‘m, fitr sadaqasi 2000 so‘m, fidya miqdori 12000 so‘m; 2013-yilda zakot nisobi 8 000 000 so‘m, fitr sadaqasi 3000 so‘m, fidya miqdori 8000 so‘m; 2012-yilgi zakot nisobi 9 000 000 so‘m, fitr sadaqasi 3000 so‘m, fidya miqdori 6000 so‘m etib belgilangan edi.