TOShKENT, 24-may — Sputnik, Aleksandr Shishlo. Turkiya avtoritar davlatga aynib bormoqda, deb hisoblaydi Yeroparlament raisi Martin Shuls. RIA Novosti xabari asosida.
"Ko‘rib turibmizki, Turkiya Erdo‘g‘on davrida bir kishi boshqaruvidagi mamlakatga aylanib bormoqda", — deb aytgan Shuls. Siyosatchining so‘zlaridan Politico nashri iqtibos keltirgan.
Yevroparlament rahbarining so‘zlariga qaraganda, Yevropa Ittifoqi Turkiya prezidentiga "hukumatning bir kishi qo‘lida monopolizatsiya qilinishini hazm qilmasligi" haqida uqtirib qo‘ymog‘i kerak.
Shuls, shuningdek, YeI tomonidan qo‘yilgan 72ta shart bajarilmas ekan, Turkiya fuqarolari uchun viza bekor qilinmasligini ta’kidlab o‘tgan.
Yevroparlament rahbari Turkiya yetakchisini birinchi bor tanqid qilayotgani yo‘q. Jumladan, aprel oyida u Erdo‘g‘onni demokratiyaga nisbatan bildirilgan hurmatsizlikda ayblagan edi. O‘shanda mojaro Turkiya prezidentini tanqid qilib she’r yozgan nemis hajvchisining Anqara tomonidan ta’qib ostiga olinishi tufayli kelib chiqqan.