TOShKENT, 24-may — Sputnik. O‘zbekiston respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2016-yil 21-may kungi 205-raqamli "O‘quv jarayoni grafigiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida" buyrug‘iga ko‘ra O‘zbekiston poytaxti va bir qator viloyatlardagi Oliy ta’lim muassasalarida joriy o‘quv mavsumi o‘z muddatidan ertaroq yakunlanadi, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot-xizmati.
Toshkent shahridagi oliy o‘quv maskanlarida tahsil olayotgan talabalarning so‘zlariga qaraganda, hozirda ayrim oliy o‘quv maskanlarida o‘qish ikki smenada amalga oshirilmoqda.
"O‘qish mavsumi 10-iyunda tugashi haqida shanba kuni ogohlantirildik. O‘qituvchilar kalendar rejasiga kiritilgan mavzular biz talabalarga yetkazib berilishi uchun hozirda ikki smena o‘qiyapmiz. Bu bir tomondan yaxshi, albatta. Ayniqsa, o‘qishni xohlaydigan talabalar bu xabardan xursand bo‘lishdi. Buyruq qanday bajarilayotganini esa prorektorlarning o‘zlari shaxsan nazorat qilishmoqda", — dedi Sputnik muxbiriga poytaxtdagi OTM talabalaridan biri.