TOShKENT, 23-may — Sputnik. 1990-yillardagi terrorchilar hatti-harakati bu — chet el maxsus xizmatlarining Rossiyani kuchsizlantirish, uni tiz cho‘ktirishga qaratilgan urinishi edi. Hozirda o‘sha "ssenariychilar" jinoiy uyushmalar yordamida o‘z rejalarini dunyoning turli burchaklarida amalga oshirmoqda, deb bayonot qildi Checheniston rahbari Ramzan Qodirov. RIA Novosti xabari asosida.
Checheniston rahbari ushbu so‘zlarni seshanba kuni Grozniy shahrida bo‘lib o‘tgan xavfsizlik masalalariga qaratilgan Yettinchi xalqaro yig‘ilishda chiqish qilganda aytgan.
Qodirov o‘z chiqishi davomida 1990-yy Checheniston terrorizmning dahshatli, qonli ko‘rinishlari bilan to‘qnash kelganini eslatib o‘tgan. "Bugungi kunda bu harakatlar qator davlatlar maxsus xizmatlarining Rossiyani kuchsizlantirish, uni tiz cho‘ktirish, tarqoq holga keltirish uchun qilingan ochiqcha urinishi ekani hujjatlarda ham o‘z isbotini topdi. Checheniston respublikasi esa Rossiyani bo‘lib tashlash uchun maydon sifatida tanlangan edi", — dedi Qodirov.
Checheniston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha ssenariy mualliflari hozir ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q.
"Xuddi shu usullar hozirda Suriya, Liviya, Iroq va Afg‘onistonda qo‘llanilmoqda. O‘sha davlatlarning ayrimlari faqat hujjatlardagina saqlanib qolgan, amalda esa ular o‘z suverenitetini yo‘qotishdi. Millionlab odamlar qochoqlarga aylandi. Umuman olganda, hozir butun dunyoda urush kechmoqda, uning tobora yangi va yangi ko‘rinishlari ma’lum bo‘lmoqda, bu fojianing oxiri ko‘rinmayapti", — dedi Qodirov.
Checheniston rahbari butun dunyo mamlakatlari terrorchilikka qarshi uyushsagina tinchlik va hotirjamlikni saqlab qolish mumkinligini qo‘shimcha qildi.