TOSHKENT, 21 may — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 20-may kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo Anni qabul qildi, deb xabar qilinadi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida.
Koreya Respublikasi Bosh vazirining tashrifi muhim voqea — Surgʻil koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishining yakunlanishi va uning ishga tushirilishiga toʻgʻri kelgani yanada ahamiyatlidir. "Samsung Injiniring", "Xunday Injiniring" va "JiEs" kompaniyalarini jalb etgan holda, Koreya gaz korporatsiyasi va «Lotte Kemikal» kompaniyasi tarkibidagi Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari konsortsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan qiymati 4 milliard dollarga teng ushbu loyiha Oʻzbekiston — Janubiy Koreya investitsiyaviy hamkorligining yaqqol namunasidir.
"Koreya Respublikasi mamlakatimizning asosiy investitsiyaviy va texnologik hamkoridir. Janubiy Koreyaning «Xunday», «Samsung», «El-Ji», «JiEm-Koreya», Koreya gaz korporatsiyasi, «Lotte Kemikal», «JiEs», «Posko-Deu», «Korean Eyr», «Shingdong», «Kolon» kabi yetakchi kompaniyalari koʻp yillardan buyon Oʻzbekiston bilan hamkorlikda mamlakatimizda qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Koreya Respublikasining mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari 7 milliard dollardan oshdi. Oʻzbekistonda Janubiy Koreya investitsiyasi ishtirokida tashkil qilingan 449 korxona faoliyat yuritmoqda, 79 kompaniyasining vakolatxonalari akkreditatsiyadan oʻtgan", — deyiladi xabarda.
Uchrashuv chogʻida neft-gaz sohasi, transport infratuzilmasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni birgalikda tayyorlash va amalga oshirishga doir masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Tomonlar kimyo, oziq-ovqat, farmatsevtika, mashinasozlik sanoati va boshqa sohalarda yangi korxonalar tashkil etish, Oʻzbekistonda davlat korxonalari va aktivlarini xususiylashtirish jarayonida Janubiy koreyalik investorlar ishtirokini kengaytirish masalalarini ham koʻrib chiqdilar.
Janubiy Koreya Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan ham biridir. 2015-yil yakunlari boʻyicha ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 1,7 milliard dollardan oshdi. Ayni paytda Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Janubiy Koreyaning muhim savdo sherigidir. Koreya Respublikasining mintaqamiz davlatlari bilan savdo aylanmasining yarmidan koʻpi mamlakatimiz hissasiga toʻgʻri keladi.
Xvan Gyo An samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi bilan oʻzaro manfaatli va keng koʻlamli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik hamda moliyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.