TOShKENT, 18-may — Sputnik. Prezidentlik saylovlari yaqinlashgani sayin, Donald Trampning Rossiya va Vladimir Putin borasida bildirayotgan fikrlari do‘stonalikdan yiroqlashib bormoqda, deb yozadi Huffington Post nashri. RIA Novosti xabari asosida.
Yarim yil oldin esa Putin va Tramp o‘zaro maqtovlar bilan almashishgan edi. Dekabr oyida bo‘lib o‘tgan matbuot-anjumanida Rossiya rahbari Trampga "yorqin, talantli va buyuk inson", deya ta’rif bergandi. Bunga javoban amerikalik milliarder "Rossiya va uning sarhadlarida katta hurmat-etiborga ega bunday insondan maqtov so‘zlarini eshitish men uchun sharaf", deb aytgandi.
Biroq, AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan yagona nomzod maqomiga erishgach, Trampning Rossiyaga nisbatan bildirayotgan fikrlari "ohangi" o‘zgardi, deb yozadi nashr.
Misol uchun, Pentagonning Boltiq dengizidagi Amerika kemalari yaqinida Rossiya samolyotlari paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi xabarni Tramp o‘ta salbiy qarshi oldi. U, "agar Amerika prezidentining o‘rnida bo‘lganimda, shu zahotiyoq Rossiya rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan bo‘lardim", — deb aytdi. Va, agar shunga zarurat tug‘ilsa, hech qanday ikkilanishsiz Rossiya samolyotlarini urib tushirgan bo‘lishini ma’lum qildi.
Ammo Amerika harbiy ekspertlari Trampning bu gaplarini ma’qullamadilar. "Bu yerda keskin harakat qilish noo‘rin. Sababi, Rossiya samolyotlarining ayrimlari umuman qurollanmagan edi", — dedi ular.
Huffington Post nashrida yozilishicha, Trampning AQSh prezidenti etib saylanishi Rossiya-Amerika munosabatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi amrimahol. Garchi ko‘pchilik shunday bo‘lishiga umid qilgan bo‘lsa-da.
Trampning Rossiyaga va Rossiya prezidentiga hurmat ila aytgan so‘zlari unga boshqa respublikachilar ustidan g‘alaba qozonish uchungina kerak edi, hozir esa ahvol o‘zgargan. "Qisqa muddat ichida u hurmat ohangini tahdidga o‘zgartirdi. Bu yaxshilik belgisi emas. Diplomatiya tahdid ustida qurilmaydi", deb xulosa qiladi Huffington Post.