TOShKENT, 16-may — Sputnik. Rossiyaning eng yirik gipermarketlari O‘zbekiston bilan meva-sabzavotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish borasida muzokara o‘tkazmoqda, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga "O‘zbekoziqovqatxolding" kompaniyasidagi manba.
"O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Rossiyaga tashrifidan so‘ng rossiyalik tadbirkorlar va yirik kompaniyalardan ko‘plab talablar kelib tushdi. Ular bizga tayyor oziq-ovqat mahsulotlari hamda meva va sabzavotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish iltimosi bilan murojaat qilishmoqda", — deb ta’kidladi manba.
Yaqindagina aviareyslar orqali "Essen" savdo markaziga 5 tonna gilos yetkazib berilganini ushbu hamkorlikning muvaffaqiyatli boshlanishi sifatida e’tirof etish mumkin. Yaqin orada shu yo‘nalish bo‘yicha yana 10 tonna gilos yuborilishi rejalashtirilgan.
Suhbatdoshning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda Rossiya gipermarketlari vakillari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Gap 1-yillik emas, balki, 5-15 yillik shartnomalar imzolash to‘g‘risida bormoqda.
O‘zbekiston tomon Rossiya uchun afzalliklar yaratish maqsadida, shartnoma doirasida o‘z mahsulotlariga mavsum davomida talabga qarab o‘zgarmaydigan, yagona narx o‘rnatishni taklif qilmoqda.
O‘zbekiston savdo-logistika markazlarida tashkil qilinayotgan, meva va sabzavotlarni saqlash, qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan savdo-logistika markazlari yangi transport sxemasi asosi bo‘lib xizmat qilishi aytilmoqda. O‘zbekistonning 11 ta viloyatida ana shunday obyektlarni yaratish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, meva-sabzavotlar daladan to‘g‘ri savdo-logistika markazlariga olib kelinadi va keyinchalik eksport yoki tayyor mahsulot ko‘rinishida qayta ishlanishi uchun maxsus kameralarga joylanadi. Shundan so‘ng, mahsulotlar Rossiyadagi ixtisoslashtirilgan O‘zbekiston-Rossiya savdo uylariga yuboriladi. Bu uylardan mahsulotlar iste’molchi xonadoni bo‘sag‘asigacha yetkazib berilishi kutilmoqda.
"Rossiyadagi savdo uylarida chakana va ulgurji savdo yo‘lga qo‘yiladi", deydi manba.
Bugungi kunda Rossiyada shunga o‘xshash 10ga yaqin obyektlar faoliyat olib bormoqda, ular Moskva, Sankt-Peterburg, Barnaul, Novosibirsk va boshqa shaharlarda joylashgan.
O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarni Rossiya bozorlarida kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan Turkiyadek raqobatchi ham cho‘chitolmayapti.
"Kelajakda biz raqobat qilishi mumkin bo‘lgan turkiyalik ishlab-chiqaruvchilar boshqacha tartibda ish ko‘rishadi. Ular har biri o‘zicha harakat qiladi, raqiblarni bozordan siqib chiqarish maqsadida ko‘pincha sun’iy ravishda narxni pasaytirishadi. Biz esa Rossiya bozoriga yagona front bilan chiqamiz, mahsulotlarni yirik partiyada, muntazam ravishda va markazlashgan holda yetkazib beramiz, shu bois ular bizga javob qaytara olishlari juda qiyin. Bundan tashqari, O‘zbekiston bir joyda turib qolgani yo‘q, u tara va upakovka sifati, mahsulot sertifikatsiyasi ustida ishlamoqda", — deb ta’kidladi manba.