TOShKENT, 10-may — Sputnik. Huquqni muhofaza qilish organlari yurtimizda bank sohasida faoliyat yuritgan bir guruh jinoyatchilarni qo‘lga oldi, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga IIVdagi manba.
Jinoiy guruh rahbari — 52 yashar Yusuf Orziqulov O‘zbekiston respublikasi davlat-tijorat “Xalq banki”ning Qashqadaryo viloyati filialiga rahbarlik qilgan. Jinoiy sxemaga jami 20dan ziyod kishi, o‘nlab firmalar va regiondagi fermer xo‘jaliklari jalb qilingan. Jinoyatchilar bir necha yil davomida 500 million so‘mdan ziyod mablag‘ni o‘marganlar.
O‘zbekistonda 2006-yildan buyon Tijorat banklari tomonidan shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish to‘g‘risidagi Nizom amal qilib keladi. Ushbu Nizomga muvofiq banklar shaxsiyo yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun eng kam ish haqi(eng kam ish haqi miqdori — 130240 so‘m)ning 80 baravarigacha mikrokreditlar ajratish huquqiga ega.
Bankdan pulni olib chiqishning oddiy sxemasini o‘ylab topgan firibgarlar, yuqoridagi Nizomdan o‘z foydasi yo‘lida foydalanganlar.
Jinoiy guruh a’zolari oddiy fuqarolarning pasporti va pasport nusxalarini qo‘lga kiritib, mahalla qo‘mitalaridan kerakli ma’lumotnomalarni olish yo‘lini ham o‘ylab topishgan, hujjatlar taxt bo‘lgach esa, fuqarolar nomlariga kreditlarni rasmiylashtirishga kirishganlar. Shu tariqa, o‘zlari bundan bexabar 222 kishi bank oldida qarzdor bo‘lib qolgan.
Suhbatdoshning so‘zlariga qaraganda, odamlar ularning uylariga qarz to‘lanishi zarurligi haqida bildirishnomalar kela boshlagach, o‘zlarining bankdan qarzdorligi to‘g‘risida xabar topganlar.
"Jinoyatchilar o‘zlarining jazosiz qolishlariga shu qadar ishonishganki, hatto, butun boshli oilalarning pasportlarini o‘g‘irlab, oilaning barcha katta yoshdagi a’zolari nomlariga kredit rasmiylashtirishgacha borganlar. Misol uchun, Bekmurodovlar oilasi xuddi shunday firibgarlik qurboniga aylangan: oilaning har bir a’zosi bo‘yniga 2 million so‘mlik kredit ilib qo‘yilgan. Toshmurodovlar, Qarshiyevlar, Ahmedovlar, Avazovlar, Yaratovlar, Yangiboyevlar va bir necha o‘nlab oilalar ham xuddi shunday muammoga duch kelishgan”, — deb ta’kildadi manba.
Qisqa vaqt ichida Orziqulov va uning sheriklari bankdan 564 million so‘mni o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lganlar.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish organlari jinoiy guruh faoliyatini fosh qilib, jinoyatchilarning barchasini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan. Tovlamachilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jazolangan.