TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Moskva shahrida politsiyachilar tomonidan qalbaki pasportlar, haydovchilik guvohnomalari va ishga joylashish huquqini beruvchi patentlar savdosi bilan shug‘ullangan o‘n bir jinoyatchi qo‘lga olindi. "Ishbilarmonlar"ning hammasi O‘rta Osiyo vakillari, deb xabar qilmoqda Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volk.
"Poytaxt politsiyachilari, shuningdek, Federal Migratsiya Xizmati(FMS)ning Moskva shahri va hududiy bo‘linmalari xodimlari, hamkorlikda o‘tkazilgan operatsiya davomida 11 nafar O‘rta Osiyo fuqarolarini qo‘lga oldilar. Hibsga olinganlarning barchasi hujjatlarni soxtalashtirish va sotishda gumon qilinmoqda”, — deb xabar qildi Volk.
IIV vakilining so‘zlariga qaraganda, huquqni muhofaza qilish xodimlari cheklarni bosmadan chiqaradigan uskuna, yigirmadan ziyod uyali aloqa telefonlari, yangi bosmadan chiqqan qalbaki pasportlar blanklari, migratsiya kartalari, tibbiy daftarchalar, hamda soxtaligi aniq ko‘rinib turgan turli davlat pasportlari va haydovchilik guvohnomalarini ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yganlar.
Ekspertiza gumondorlarning birining patenti soxta ekanligini tasdiqlagan. Hozirda qolgan hujjatlar ham ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Ushbu voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.