TOShKENT, 29 apr — Sputnik, Lidiya Isamova. Endilikda yangi hujjat olayotgan tojikistonliklarning ism-sharifi tojikcha qo‘shimchalar bilan yoziladi, ruscha qo‘shimchalarga ega ism-familiyalar ta’qiq ostiga olindi, deb xabar qildi jurnalistlarga Tojikiston Adliya vazirligi qoshidagi Fuqarolik holatini qayd etish idorasi rahbari o‘rinbosari Jaloliddin Rahimov, RIA Novosti xabari asosida.
"Bu qaror mart oyi oxirida “Fuqarolik holatini qayd qilish akti to‘g‘risidagi” qonuniga tuzatishlar kiritilgandan keyin qabul qilindi", — qo‘shimcha qildi Rahimov.
Amaldor, shuningdek, ushbu qonunga ko‘ra, familiyalar tojikcha “zod”, “zoda”, “y”, “iyon”, “far” qo‘shimchalari yordamida shakllantirilishi haqida aytdi. Masalan, “Karimzod” yoki “Karimzoda”.
Rahimovning so‘zlariga qaraganda, o‘z familiyalarida “ov”, “ova”, “ovich”, “ovna” qo‘shimchalarini saqlab qolishni xohlayotgan ba’zi bir fuqarolar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
"Biz, ular bilan suhbat qurib, maqsadimiz – familiyalarni tojikchalashtirish ekani haqida tushuntirapmiz. Agar holat o‘zgarmasa, u holda, oradan o‘n yil o‘tgach farzandlarimiz ikki guruhga bo‘linib qoladi: birinchi guruh tojikcha, ikkinchi guruh esa ajnabiy ismlarga ega bo‘ladi. Biz o‘zimizning milliy va vatanparvarlik tuyg‘ularimizga ega bo‘lmog‘imiz va ularni rivojlantirmog‘imiz lozim”, — dedi amaldor.
Amaldorning aytishicha, ushbu o‘zgarishlar o‘tmishda familiyasida ruscha qo‘shimchalarga ega bo‘lib, uni o‘zgartirish niyatida bo‘lmagan fuqarolarga joriy etilmaydi.
Ruscha qo‘shimchalardan voz kechishni 2007-yilda Tojikiston prezidenti Emomali Sharifovich Rahmonov boshlab bergan. U o‘z ism-sharifini Emomali Rahmon qilib o‘zgartirgan va uning ortidan boshqa amaldorlar ham xuddi shunday yo‘l tutishgan edi.