TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Rossiya yangi avlod raketalari ustida ishlarni yakunlamoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu raketalar, hatto, NATO raketaga qarshi mudofaa tizimiga ham chap beradigan darajada mustahkam. Bu haqda RIA Novosti axborot agentligiga Rossiya Mudofaa va xavfsizlik kengashi qo‘mitasi rahbarining birinchi o‘rinbosari senator Yevgeniy Serebrennikov xabar qildi.
Senatorning so‘zlariga qaraganda, Shvetsiya NATOga a’zo bo‘ladigan taqdirda, Rossiya o‘z shimoliy sarhadlarida aynan shu raketalarni joylashtiradi.
Serebrannikov, shuningdek, chegarada harbiylar soni ko‘paytirilishi ehtimoli haqida ham aytib o‘tdi.
NATOning navbatdagi kengayishi mavzusi Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov tomonidan shvetsiyaning "Dagens Nyuxeter" nashriga bergan intervyusida ko‘tarilgan edi. Diplomat, agar Shvetsiya alyansga qo‘shilishga qaror qilsa, Moskva bunga “harbiy-texnik choralar” bilan javob qaytarishini aytgan edi. NATOning o‘zida esa Stokgolm hozircha a’zo bo‘lish haqida ariza yo‘llamaganini ta’kidlashmoqda.
So‘nggi vaqtlarda, NATO Rossiya chegarasiga tobora yaqinroq kelmoqda. Moskva G‘arbning bu harakatlariga javoban munosib javob qaytarishga tayyorligi haqida bir necha bor bayonot qilgan.