TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Gaz xo‘jaligi rahbarining almashgani omma orasida ushbu mavzu yana keng muhokama qilinishiga sabab bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi rahbar faoliyati to‘qqiz oy davom etgan, o‘tgan yilda xuddi shu davrda esa naq uchta boshliq almashgan, deb yozadi gazeta.uz.
"Samarqandshahargaz" filialining yangi rahbari so‘nggi yillarda to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish uchun yetarli vaqt va imkoniyatga ega bo‘ladimi? Nima bo‘lgan taqdirda ham, kishini quvontiradigani, Akbar Bahriyev bunga qadar “Suvoqova” korxonasiga 11-yil davomida rahbarlik qilib, u yerda tartib-intizomni tiklashga muvaffaq bo‘lgan.
Akbar Bahriyevning so‘zlariga qaraganda, u bu sohada nimalar bo‘layotganidan yaxshi xabardor. "Ballonlar ro‘yhatga olinmagan. Propan to‘ldirilgan ballonlar har yerda turli narxda sotilgan: qayerdadir 10 ming so‘mdan, yana qayerdadir 12 ming so‘mdan, yana qayerdadir esa, hatto, 15 ming so‘mdan. Gaz ballonlarining haqiqiy narxi esa 7440 so‘m”, — deb ta’kidladi u va "Ikki-uch kunda hammasi o‘zgaradi", — deya va’da berdi.
Bu seshanba kuni bo‘lgan gap. Chorshanba kuni kechqurun Samarqand shahri So‘zangaron ko‘chasida yashovchi bir tanishim gaz balonni har doimgidek 10 ming so‘mgamas, balki 7440 so‘mga olgani haqida to‘lqinlanib gapirdi. Bundan tashqari, unga to‘lov miqdori qayd etilgan kvitansiya berishganini qo‘shimcha qildi.
"Samarqandshahargaz" ishchilarining o‘zlari gaz ballonlarni tarqatishdi. Ilgarilari esa ular ballonlarni mahallaning markazida qoldirar, fuqarolar yig‘ini raisi yoki uning o‘rinbosari kelib, bu ballonlarni tarqatar edi”, dedi tanishim. Endi esa gaz ballonlarni olayotgan fuqarolar maxsus daftarga imzo chekishayotgan ekan. Demak, ro‘yhatga olish ishi yo‘lga qo‘yilibdi, bu albatta yaxshi.
Samarqand ahli gaz sohasining boshqa yo‘nalishlarida ham yaxshi tomonga o‘zgarishlarni his qilishlarini xohlar edik. To‘g‘ri, yangi tayinlangan rahbarga ushbu sohada yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish oson bo‘lmaydi. Bundan tashqari, yillar davomida bu holatdan foydalanib kelganlar singdirilayotgan yangi qoidalarga qarshilik ko‘rsatishlari turgan gap. Shu bois, “O‘ztransgaz” rahbariyati va shahar hokimligi O‘zbekistonning eng yirik shaharlarida gaz xo‘jaligi sohasida tartib o‘rnatishga yordam berishlari va Akbar Bahriyevni yaxshi natijalarga erishishida qo‘llab-quvvatlashlari kerak, deb yozadi maqola muallifi.
Sputnik muxbiri Samarqand shahri Bulung‘ur tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroalardan ular bu borada qanday fikrda ekaniga qiziqib ko‘rdi:
Gulbahor Omonova, uy bekasi: “Gaz ballonlarini gaz quyish shahobchalaridan to‘ldirib kelamiz. 7440 so‘m degan narxni birinchi marta eshitib turibman. Ertak emasmi bu? Chunki har safar bunday ballonlarni to‘ldirish uchun kamida 40 ming so‘m sarflaymiz. Yangi qoidalar vaqtinchalik bo‘lmasinda, ishqilib. Yangi rahbarning aholiga yordam berishga bel bog‘lagani esa, quvonarli. Ana shunday rahbarlar ko‘payishini xohlaymiz”
Diyorbek Sattorov, tadbirkor: “Ha, gaz ballonlarini qishloqlar bo‘ylab tarqatilishi, ularning “gaz”chilar tomonidan to‘ldirib berilishi yo‘lga qo‘yilyapti. Har holda bu yil bu tizim yomon ishlashmadi. Kelayotgan yilda esa yanada yaxshi bo‘ladi, deya va’da qilishmoqda. Eshitib, quvondim. Gaz to‘ldirilgan ballonlarni esa tuman gaz ta’minoti bo‘limidan 15-20 ming so‘mdan xarid qilamiz".