TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Rossiyadagi mehnat muhojirlari 2016-yil 28-martdan boshlab patent uchun to‘lovni amalga oshirishda soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami(INN)ni ko‘rsatib o‘tishlari shart, deb xabar bermoqda Moskva shahar iqtisodiy siyosat va rivojlanish departamenti matbuot xizmati.
Yangi qoidalarga muvofiq, 28-martdan boshlab patent uchun to‘lov amalga oshirilayotganda, INN ko‘rsatilmagan taqdirda, bank patent uchun to‘lovni qabul qilmaydi.
Migrantlarga qulaylik yaratish maqsadida, INN haqida ma’lumot migrantlar tomonidan patent olayotgan vaqtda ko‘rsatilgan telefon raqamlariga yuborilmoqda. Migrant, shuningdek, o‘ziga berilgan patent orqali yoki Rossiya Federal Soliq xizmati servisi yordamida INN haqida ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin.
Sayt orqali INN haqida ma’lumot ololmagan migrantlar, ro‘yhatdan o‘tgan(registratsiya qilingan) manzilga biriktirilgan Soliq xizmati idorasiga murojaat qilib, INN olishlari shart.
Soliq idorasi manzilini Rossiya Federal Soliq Xizmati sayti orqali bilib olishingiz mumkin.
Soliq inspeksiyasiga murojaat etayotgan migrant o‘zi bilan pasport va migratsiya kartasi(registratsiya)ni olishi lozim.
INNga ega bo‘lgan migrant Saxarovadagi Migratsiya markazi(A zona “Registratsiya” bo‘limi)ga murojaat etib, o‘ziga berilgan soliq ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etishlari kerak. Bu INN FMS bazasiga kiritilishi uchun amalga oshiriladi.
Agar INN FMS ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan bo‘lsa, patent uchun to‘lagan to‘lovlaringiz sizning patentingiz hisobiga o‘tmaydi va patent amal qilishi to‘xtatiladi.