TOShKENT, 30 mar — Sputnik. 2016-yilning 30-mart kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekistonga ikki kunlik rasmiy tashrif bilan kelgan Germaniya Federativ Respublikasi Federal tashqi ishlar vaziri, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) amaldagi raisi Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashdi, deb xabar qilinadi O‘zbekiston TIV rasmiy saytida.
"Tashqi siyosiy idoralar rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning turli jihatlarini muhokama qilishdi hamda mintaqaviy va xalqaro siyosatga oid ayrim muammolar yuzasidan fikr almashishdi", — deyiladi xabar matnida.
Suhbat chog‘ida ayni paytda Germaniya raisligidagi YXHT kun tartibining dolzarb masalalariga, shuningdek O‘zbekiston va Germaniyaning ushbu tashkilot doirasidagi o‘zaro hamkorligining hozirgi holati va istiqbollariga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlanmoqda.
Uchrashuvda, shuningdek, Germaniya Elchisi Naithart Xofer-Vissing qatnashgan.