TOShKENT, 26 mar — Sputnik. Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on olib borayotgan siyosat mamlakatda ayro fikrlashni negizi bilan quritishga qaratilgan. Turkiyadagi yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lganlar bor-ki, Erdo‘g‘onning ushbu siyosati qurboniga aylanishmoqda, deb yozadi Foreign Policy nashri, RIA Novosti xabariga ko‘ra.
So‘nggi oylarda Diyorbaqir provinsiyasida Turkiya harbiylari tomonidan Qurdiston Ishchi partiyasi(QIP) jangarilariga qarshi maxsus operatsiyalar o‘tkazilmoqda. Afsuski, aksariyat hollarda, oddiy aholi ushbu jangovar harakatlar qurboniga aylanmoqda.
Nashr turk harbiylari tomonidan o‘smir o‘g‘li o‘ldirilgan bir onaning so‘zlaridan iqtibos keltiradi: "Qurbonlarga bir nazar soling! Ular hali go‘dak, axir! Qanday qilib bu bolalar terrorchi bo‘lishi mumkin?!".
Ayolning so‘zlariga qaraganda, QIP hamda Turkiya harbiylari o‘rtasida tinimsiz olib borilayotgan to‘qnashuvlar tufayli, aholi qurbon bo‘lganlarning tanalarini ko‘chadan uyga olib kelolmayapti. "Oxir-oqibat ular o‘ldirilganlarning hammasini terrorchiga chiqarmoqda", — deydi kuyunchaklik bilan ayol.
So‘nggi paytlarda Turkiyada “terrorchilik” degan atama “boshqacha fikrlash” tushunchasi bilan tenglashtirildi, endilikda Erdo‘g‘on boshchiligidagi hukumatga qarshi so‘z aytadiganlarning hammasi terrorchiga tenglashtirilmoqda, deb yozadi Foreign Policy.
"Boshqacha fikrlaydigan insonlar – jurnalistlar, huquq himoyachilari, akademiklar, muholifat vakillari – terrorchilik uyushmalari nomidan tashviqot ishlarini olib borganlikda ayblanib, ozodlikdan mahrum qilinmoqda", — deb ta’kidlanadi maqolada.
“Terrorchi” va “terrorchilar sheriklari” tushunchasi kengaytirilishi tufayli, qo‘lida bomba ushlagan ham, qalam tutgan ham — "terrorchi" deb atala boshladi, deb yozadi nashr.