TOShKENT, 22 mar – Sputnik, Aleksandr Shishlo. Brussel aeroportida mudhish portlashlarni amalga oshirgan kamikadze-terrorchilar shaxsi aniqlashtirildi. Ular aka-uka Ibrohim va Qalim al Bakruylar ekani ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda RTBF teleradiokompaniyasi, RIA Novosti.
Bundan sal oldin Belgiya politsiyasi kamikadze-terrorchilar Zaventem aeroportidagi videokuzatuv kameralari tomonidan qayd etilgan, deya xabar bergan edi. RTBF ma’lumotiga ko‘ra, aka-ukalar Parijdagi teraktlarga ham aloqador bo‘lishi mumkin. Xabarlarga ko‘ra, Qalim al Baqrauy soxtalashtirilgan hujjatlar asosida Brusselning Fore kommunasida turar joyni ijaraga olgan.
27 va 30 yoshda bo‘lgan bu aka-ukalar politsiyachilarga yaxshi tanish. Joriy yilning yanvar oyida ulardan biri politsiyachiga o‘q uzganligi uchun sirtdan 9-yilga ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lsa, ikkinchisiga, avtomobillarni o‘g‘irlab sotganligi uchun shartli ravishda besh yillik qamoq jazosi tayinlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, Brussel aeroportida seshanba kuni ertalab ikkita portlash sodir etildi. Ko‘p vaqt o‘tmay, Brusseldagi metro stansiyalarida ham ikkita terakt amalga oshirildi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, portlashlar oqibatida 34 kishi halok bo‘lgan, 200ga yaqin kishi jarohatlangan.