TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Hozirda Yevropa Ittifoqida vujudga kelgan noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq ahvol Rossiyada ham takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, deb ta’kidladi Rossiya prezidenti Vladimir Putin, RIA Novosti xabariga ko‘ra.
"Noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq vaziyat jiddiy e’tibor talab qiladi. Bu kompleks topshiriq va u hukumatdagi barcha organlar tomonidan ularning vakolati doirasida bajarmoqlari lozim", — dedi Putin IIV kollegiyasida chiqish qilar ekan.
"Yevroittifoq chegaralarida nimalar sodir bo‘layotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Bizda, Xudoga shukrki, bu kabi dolzarb muammolar yo‘q, bunda avvalo sizning ham hissangiz bor. Va shunday holat bizda ham yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, garchi hammamiz bu juda katta muammo ekanligini anglab turibmiz: chunki, mamlakatimizda millionlab migrantlar bor, ularning aksariyati tabiiyki, sobiq Ittifoq davlatlaridan kelishgan”, — ta’kidladi prezident.
Rossiya rahbarining so‘zlariga qaraganda, “shunday qilish kerakki, bu odamlar normal shar-sharoitlarda yashasin, ularni ishga qabul qilayotgan joylarda ishlasin, Rossiya Federatsiyasi qonunlariga rioya qilsin, o‘zlari yashayotgan xalq urf-odatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lsin”.
"Lekin bu ish shunday amalga oshirilsinki, toki Rossiyaning ichki mehnat bozorida muammolar paydo qilmasin, Rossiya fuqarolari g‘ashini keltirmasin. Bu o‘ta nozik, spetsifik, lekin shu bilan birga o‘ta muhim ish, iqtisod sohasida ham, ijtimoiy barqarorlik sohasida ham”, — deb ta’kidladi Putin.
"Men ushbu sohada yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va tezkor tarzda bartaraf etish uchun tegishli tuzilmalardan hamjihatlikda ish olib borishlarini so‘rayman", — xotima qildi prezident.