TOShKENT, 14 mar – Sputnik. Anqara shahridagi avtobus bekatlarining birida sodir etilgan terakt ikki shohid-terrorchi – erkak va ayol tomonidan amalga oshirilgan. Terrorchilar shaxsi aniqlangan, deb xabar qiladi Hurriyet nashri politsiyachilardan olingan ma’lumot asosida.
Terakt avtobus bekatlarining birida, mamlakat Bosh vaziriga qarashli ofis yaqinida, odamlar eng gavjum vaqtda sodir etilgan. Minalashtirilgan avtomobil odamlarga liq to‘la ikki avtobus o‘rtasida portlatilgan.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi hozirga qadar 37 kishi hayotdan ko‘z yumgani, 125 kishi jarohat olgani, 71 kishi kasalxonalarda yotgani haqida xabar qildi.
Berilgan xabarlarga ko‘ra, terrorchi qiz Balikesir shahridagi universitetda tahsil olgan, 2013-yilda terrorchilik uyushmasi safiga qo‘shilgan. Qizning to‘liq ism-sharifi oshkor qilinmayapti, faqatgina ismining bosh harflari – S.Ch.D. bilan boshlanishi aytilmoqda.
Haberturk nashri berayotgan xabarga ko‘ra, portlovchi moddalarga to‘ldirilib, Anqara shahrida portlatilgan BMW rusumdagi avtomobil 10-yanvar kuni Turkiyaning Shonliurfa shahridan olib qochilgan, o‘sha kunning o‘zida Diyorbaqirga olib kelingan va 26-fevral kuni Anqaraga o‘tkazilgan.