TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Davlat Raqobat qo‘mitasi va “O‘zavtosanoat” AJ GM Uzbekistan tomonidan ishlab-chiqariladigan avtomobillar oldi-sotdisi namunaviy shartnomasiga o‘zgartirish kiritish masalasi ustida ishlashmoqda, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga Qo‘mita vakili.
Bugungi kunda mamlakatda shunday holat vujudga kelgan: GM Uzbekistan rasmiy dileridan avtomobil xarid qilmoqchi bo‘lgan shaxs, texnika narxining 85%ni avans tariqasida to‘lamog‘i shart, qolgan pullar esa avtomobilni olib chiqish jarayonida to‘lanadi. Shunisi achinarliki, xaridor o‘z orzusidagi avtomobilni hatto, bir yildan ortiq vaqt mobaynida kutishi mumkin. Hammasi xaridor qanday modeldagi avtomobilga “shaydo” bo‘lganiga bog‘liq.
Odamlarga muammo tug‘dirayotgan “dengiz tubidagi tosh”lardan yana biri shuki(shartnoma shartlaridan biriga kiradi), ushbu jarayon davomida zavod tomonidan avtomobil narxi oshiriladigan taqdirda, mijoz o‘rtada vujudga kelgan tavofutni (u qancha bo‘lishidan qat’iy nazar) qoplashga majbur bo‘ladi.
"Bu O‘zbekiston uchun juda og‘riqli mavzu, aniqrog‘i, 2015-yil davomida va 2016-yil birinchi yarmida iste’molchilarimiz to‘qnash kelayotgan eng dolzarb muammolardan biri, degan bo‘lar edim. O‘tgan yil boshida ham shu mavzu borasida ancha shov-shuv ko‘tarilgan edi. Gap shundaki, “O‘zavtosanoat” AJ o‘z avtomobillari narxini 30%ga oshirganida, bu holat avans pulini to‘lab qo‘ygan iste’molchilar hamoniga anchayin ziyon qildi. Odamlar hali olmagan avtomobillari uchun qo‘shimcha pul to‘lashga majbur bo‘lishdi”, — deydi manba.
Davlat raqobat qo‘mitasi ushbu holatda iste’molchilar huquqi qay darajada poymol etilayotganini o‘rganib chiqib, rasman dilerlar haq, degan to‘xtamga keldi. Sotuvchi va iste’molchi o‘rtasida imzolangan hujjatda vujudga kelgan vaziyat aniq va ravshan bayon etiladi: mijoz avtomobil narxi oshishi mumkinligi va narx borasida vujudga keladigan farqni qoplashi lozimligi haqida ogohlantiriladi. Shartnoma imzolangan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi va hech bir sud diler nohaqligini isbotlab bera olmaydi, ta’kidlaydi suhbatdosh.
Ammo, bu vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirib bo‘lmaydi, degani emas, ta’kidlaydi manba. Davlat raqobat qo‘mitasi va “O‘zavtosanoat” AJ mutaxassislari shu kechayu-kunduzda namunaviy hujjat turini o‘zgartirish ustida hamkorlikda ish olib bormoqdalar. Shunday qilib, rejaga ko‘ra, endilikda xaridorlar o‘zlari orzu qilgan avtomobilni eng kechi bilan 90 kun ichida qo‘lga kiritishlari mumkin bo‘ladi. Avtomobil narxi oshgan taqdirda ham iste’molchi hamoni zarar ko‘rmasligi uchun hujjatda (iste’molchi foydasiga xizmat qiladigan) muayan shartlar ko‘rsatib o‘tiladi.
Bundan tashqari, Davlat raqobat qo‘mitasi hozirda, xaridorlar uchun muhim bo‘lgan boshqa bir mavzu — o‘zimizda ishlab chiqariladigan avtomobillar yo‘nalishida ham ish olib bormoqda. Hozirda rasmiy dilerdan yangi avtomobilni xarid qilgan jismoniy shaxslarga bir yil davomida avtomobilni sotish ta’qiqlandi.
"Ushbu tizim, bozorlarda olib sotarlikning oldini olish maqsadida, besh yil oldin joriy qilingan edi. Dilerlardan o‘nlab avtomobillarni xarid qilib, so‘ngra bozorda ularni ikki barobar narxga pullagan odamlar ham ko‘p bo‘ldi. Ularning bu hatti-harakati xalq orasida sun’iy tarzda shov-shuv ko‘tarilishiga olib keldi. Ammo hozirda vaziyat o‘zgardi, bozorlarimiz asta-sekin “to‘yib” bormoqda, va, vaqti yetganini anglasak, biz albatta, ushbu ta’qiqni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqamiz. Ammo hozircha, bunday qilishga hali erta", — ta’kidladi manba.
GM Uzbekistan hozirgi kunda 12 xil atvomobil ishlab chiqaradi: besh xil sedan — Nexia, Cobalt, Lacetti, Gentra va Malibu, ikki kichik avtomobil — Matiz va Spark, miniven Orlando, unversal Captiva, mikroavtobus Damas va uning yuk tashishga moslashgan ko‘rinishi Labo.