Glebova: Rossiya 15 ming chet ellikni bepul o‘qishga taklif etmoqda

© Sputnik / Ilya Pitalev / Mediabankka o‘tishLyubov Glebova. Rossotrudnichestvo rahbari
Lyubov Glebova. Rossotrudnichestvo rahbari - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Rossotrudnichestvo bepul tahsil olishlari uchun chet el fuqarolarini Rossiya universitetlariga ochiq tarzda qabul qila boshladi. Muassasa rahbari Lyubov Glebova oliy ma’lumot haqidagi diplomga ega bo‘lish uchun kim, nega va qay maqsadda Rossiyaga yo‘l olishi mumkinligi haqida batafsil gapirib berdi.

TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Rossiyaga kim, nega va qay maqsadda o‘qishga otlanishi mumkinligi haqida Sputnik O‘zbekiston saytiga Rossotrudnichestvo rahbari Lyubov Glebova gapirib berdi.

MGU Asosiy bino - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada bepul o‘qish imkoniga ega bo‘ldi

– Lyubov Nikolayevna, bepul oliy ma’lumotga ega bo‘lish uchun har yili Rossiyaga qancha chet el fuqarolari tashrif buyuradi?
– So‘nggi uch yil davomida Rossiya yiliga 15 ming nafar chet elliklarni VUZlarda bepul oliy ta’lim olishga taklif qilib keladi. Mazkur jarayonga 400dan ziyod Rossiya universitetlari jalb qilingan.
2016-yilda biz ilk bor qabulni ochiq tarzda o‘tkazmoqdamiz. Boshqa davlatlardagi hamkasblarimizning ushbu yo‘nalishdagi tajribasiga tayanib, joriy yilda arizalarni elektron tarzda taqdim etishni tashkillashtirdik. O‘qishga qabul tartibi  o‘zgarmagan, lekin ushbu jarayon ancha oson va shaffof tusga ega bo‘ldi — ma’lumotlar yagona oyna orqali kiritilmoqda, tanlov tezkor usulda amalga oshirilmoqda. Axborot portali ushbu jarayon atrofida o‘ralashib yurgan ko‘r sonli «vositachilar»dan qutulish imkonini berdi.
Jahondagi 198 mamlakat fuqarolari turli mutaxassislik bo‘yicha (tibbiyotdan tortib texnika sohasigacha, shu jumladan, yadroviy fizika mutaxassisliklari bo‘yicha ham) tahsil olish uchun o‘z arizalarini yo‘llashlari mumkin. Rus tili mutaxassislari, lingvistlar va filologlar uchun alohida yo‘nalish joriy qilingan. Ayni vaqtda xorijda rus tiliga bo‘lgan e’tibor o‘ta yuqori darajada.
– Rossiya davlat kvotasiga o‘z nomzodligini ko‘rsatish uchun chet el fuqarosi qanday yo‘l tutishi lozim?
– Buning uchun www.russia.study portalida ro‘yxatdan o‘tish zarur. Ro‘yxatdan o‘tish chamasi 20 daqiqa vaqtni oladi va ikkita oson bosqichdan iborat: chet el fuqarosi o‘z shaxsini tasdiqlaydi, so‘ngra elektron manzilini ochadi. Deyarli shu zahotiyoq ruxsat berilganlik haqida javob xati keladi. Elektron manzili kelgusida bo‘lajak abituriyentlar bilan tezkor va ishonchli aloqani ta’minlash uchun zarur bo‘ladi, ammo ushbu aloqadan qanchalik samarali foydalanish esa kelajakda tahsil olishga moyillik bildirgan nomzodning shaxsiy manfaatlariga bog‘liqdir.
Shaxsi tasdiqlanganidan so‘ng nomzodning e’tiboriga anketa, ya’ni, so‘roq varaqasi taqdim etilib, nomzod varaqaga shaxsiga, ma’lumotiga oid axborotni kiritadi, shuningdek, o‘ziga ma’qul bo‘lgan tahsil yo‘nalishini ko‘rsatadi hamda o‘z istagini asoslash bo‘yicha ixtiyoriy ravishda xat yozadi. Varaqa davlat bo‘yicha umumiy ro‘yxatga kiritiladi. So‘ngra tegishli davlat operatori (har bir davlatning o‘z operatori mavjud) nomzodlarning dastlabki tanlovini amalga oshiradi.
– Aytingchi, bunday holda iste’dodga ega bo‘lmagan ayrim chet el fuqarolari tegishli g‘ayrat va bilimlarga ega bo‘lgan rossiyalik abituriyentlar o‘rnini egallab qolmasmikan?
– Dunyoning aksariyat davlatlarida Rossotrudnichestvoning vakolatxonalari mavjud, ya’ni, shular qatoriga kiruvchi Rossiya ilm-fan va madaniyat markazlarining vakillari bir necha mezonlarga tayanib (nomzodning ijobiy baholari aks ettirilgan shahodatnomasi, Olimpiadalardagi ishtiroki va boshqa yutuqlari) nomzodlarning shaxsiy varaqalarini dastlabki bosqichda baholaydi. Eng muvaffaqiyatli va iste’dodli yoshlar yuzma-yuz yoki masofaviy suhbatga taklif qilinadi. Misol uchun, Suriyada to‘xtalsak, tanlov faqatgina masofaviy tarzda o‘tkaziladi. Shu bilan birga, biz suriyalik talabalarni albatta kutib qolamiz va Rossiya universitetlarida intizorlik bilan qarshi olamiz.
Yakuniy tanlov Rossiya ilm-fan va madaniyat markazlari, elchixonalar, mahalliy ta’lim vazirliklari va ijtimoiy tashkilotlar vakillaridan tashkil qilingan hay’at tomonidan amalga oshiriladi. Ayni damda biz universitetlar bilan ularning vakillari ham hay’at a’zolari bo‘lishi borasida muzokaralar olib borayapmiz.
Joriy yil boshlang‘ich tajriba hisoblanib, tanlov jarayoni suhbat va testdan o‘tkazish ko‘rinishida o‘tkaziladi. Ammo kelgusi yilda biz olimpiadalar va testlar tizimiga asoslangan baholashning to‘liq shakliga o‘tamiz. Har bir davlat bo‘yicha alohida reyting shakllanadi. Tanlovning yana bir tarkibiy qismi bo‘lib rossiyalik universitetlar tomonidan chet el davlatlari hududida o‘tkaziladigan olimpiadalar hisoblanadi. Ayni vaqtda Rossotrudnichestvo ushbu olimpiadalar aynan bir xilda o‘tkazilishi va o‘zaro ketma-ketlikda tartibga solinishi borasida tegishli ishlarni amalga oshirmoqda.
– Tanlovdan o‘tmagan nomzodlar nima qiladi?
– Biron-bir chet el fuqarosi 15 ming abituriyent qatoridan kvotaga ega bo‘la olmasa, unga Rossiya universitetlarida kontrakt asosida o‘qish taklif qilinadi. Ko‘pgina oliy o‘quv yurtlarimizda ta’lim olish narxi nisbatan yuqori emasligini hisobga olsak (aksariyat universitetlarda o‘qish narxi yiliga 1000–1500 yevroni tashkil qiladi), ta’lim olishning mazkur ko‘rinishi ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi mumkin.
– Mazkur jarayonning kaysi bosqichida bevosita universitetlar ishga kirishadi? Tavsiya qilingan nomzod muayan oliy o‘quv yurtiga qay tarzda biriktiriladi?
– Chet el fuqarosi kvota doirasida tanlovdan o‘tganidan so‘ng, kelgusida o‘qish istagini bildirgan 6 ta oliygohni tanlab, ularning ketma-ketligini belgilaydi. Keyin esa qiziq mexanizm ishga tushadi: har bir universitet o‘z «elektron kabinet»ini ochgan holda o‘ziga ma’qul bo‘lgan nomzodni tanlaydi. Agarda nomzod eng afzal ko‘rgan oliygohga kira olmasa, uning ma’lumotlari ikkinchi o‘rindagi o‘quv yurtiga o‘tkaziladi… Shu tariqa abituriyent oltinchi universitetgacha borishi mumkin. Agarda qayd etilgan oltita universitetdan hech qaysi oliygoh nomzodni tanlamasa, RF maorif va fan vazirligi nomzodga biron-bir boshqa universitetda muqobil tarzda tahsil olishni taklif qiladi. Ishoning, ushbu jarayonda hech kim e’tibordan chetta qolmaydi.
– Fikringizga ko‘ra ayni vaqtda Rossiyani jahon miqyosida mustahkam oliy ma’lumot tizimiga ega davlat sifatida qabul qilishadimi? Oliy ma’lumot olish uchun Rossiyaga yo‘l olganlarda qanday muhim manfaatlar bo‘lishi mumkin?
– Birinchidan, Rossiyada muxandislik, tabiiy fanlar, matematika yo‘nalishlari, filologiya va rus tili mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori sifatli ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Xorijda nufuzli hisoblangan mutaxassisliklardan biri bo‘lmish tibbiyot ma’lumoti ham alohida e’tiborga sazovor. Madaniyatshunoslik sohasida ham o‘xshash holat: rus musiqasi, teatri, kinosi avvalgidek chet el fuqarolarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Rossiya maorif tizimi boshidan kechirgan og‘ir kunlarga qaramasdan jahonda o‘ziga xos bo‘lgan fundamental, chuqur va fanlararo ta’limi sifatida tan olingan.
Ikkinchidan, Rossiyada, aytaylik, Yevropadan farqli ravishda, hayot va ta’lim olish nisbatan arzondir. Uchinchidan, bir qator davlatlar uchun Rossiya yetakchi hisoblanadi. Ayni vaqtda bir qator davlatlarda yuqori mansablarni egallab turgan rahbarlar qachondir Rossiyada tahsil olishgan. Bugun farzandlari abituriyent yoshiga kirganlari sababli ular Rossiya ta’lim tizimiga katta qiziqish bilan nazar tashlamoqda hamda Rossiyada o‘qish natijasida yuqori ong-bilim darajasi, foydali aloqalar va to‘g‘ri dunyoqarash qobiliyatini rivojlanishini yaxshi anglaydilar. Mazkur holat nafaqat MDH mamlakatlari, balki Osiyo va Afrikaning rivojlanib borayotgan davlatlari, alohida olingan Yevropa davlatlari, shuningdek, Lotin Amerika davlatlariga xosdir.
– Nima deb o‘ylaysiz, ushbu loyiha Rossiyaga qanday foyda keltirishi mumkin?
– Birinchidan, mazkur loyiha universitetlar va Rossiyaga o‘z kelajagini ta’minlash va maqsadli investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini yaratib beradi. Rossiyaning sifatli ma’lumoti sohibiga aylangan chet el talabalari o‘z mamlakatlariga qaytib Rossiya Federatsiyasiga sodiq bo‘lib qoladilar. Ilm-fan sohasida faoliyat boshlagach, Rossiyaning ta’lim va ilmiy tashkilotlari bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yadilar. Eng tirishqoq va talabgor talabalar esa Rossiyada qolib, shu yerda o‘qishni va ishlashni davom ettiradi. Gapning muddaosi shundaki, biz iqtisodiyotimiz va ta’lim tizimi uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni Rossiyaga jalb qilamiz.
Bundan tashqari, Rossiya universitetlarida bepul ta’lim olish kvotalari nafaqat bakalavrlarga, balki magistrlar va aspirantlarga ham tegishli, bu holat esa akademik mobillika ishora qiluvchi ko‘rsatkich, ya’ni, talabalar almashuvining tarkibiy qismidir. Oliygohlar xalqaro miqyosda aloqa o‘rnatadilar. Kvotadan tashqari kontrakt bo‘yicha ta’lim olish uchun kelayotgan chet el talabalariga kelsak, ushbu holat universitetlar uchun sezilarli moddiy ko‘makdir.
– Rossiyada o‘qish uchun jahonda eng murakkab tillar qatoriga kiruvchi rus tilini bilish zarur. Chet el talabalari uchun rus tilini o‘rgatish ishlari yo‘lga qo‘yiladimi?
– Rossiyaning ko‘pgina universitetlarida tayyorlash fakultetlari faoliyat yuritadi. Rus tilini umuman bilmaydigan talabalar qismi (bunday talabalarning soni har yili chamasi 4 ming nafarni tashkil etadi) bir yil davomida aynan tilni o‘rganadilar. Ammo bunday talabalarning har birini o‘qitish uchun yiliga 100 ming rublga qadar mablag‘ sarflanadi. Davlat pul yo‘qotsa, odamlar vaqtni boy beradi. Shu sababli kelajakda Rossotrudnichestvo rossiyalik universitetlar bilan birgalikda jahonning turli mamlakatlarida «chetga chiqarilgan» tayyorlov fakultetlarini tashkil qilib, ularda rus tilini o‘rgatish va test markazlarini shakllantirishni taklif qilmoqda.
– Rossiya oliygohlarida bepul ta’lim olish taklifidan foydalanmoqchi bo‘lganlar soni ko‘pmi?
– Ayni vaqtda Rossiyada talaba bo‘lish istagini bildirganlar soni oshmoqda: odamlar qo‘ng‘iroq qilishadi, ijtimoiy tarmoqlarda savollar yo‘llaydi, portalda ro‘yxatdan o‘tmoqda. Hozircha eng yuqori faoliyatni MDH davlatlari fuqarolari bildirmoqda, rusiyzabon muhitda talabalarni qabul qilish haqidagi axborot tez tarqalishini biz kutgandik, bu tabiiy holat.
Rossiya oliy o‘quv yurtlarida chet el fuqarolarini bepul o‘qitish uchun qabul qilish har yili o‘kaziladigan va uzoq muddatga mo‘ljallangan loyihadir. Mazkur loyiha mamlakatning faoliyatini belgilab beruvchi tashqi siyosatning samarali vositasi bo‘lganligi sababli kelajakda kvotalar sonini oshirish tarafdorimiz.

Yangiliklar lentasi
0