TOShKENT, 5 mar — Sputnik, Fedor Smirnov. Istanbulda joylashgan turk oppozitsion nashri hisoblanmish — Zaman tahririyati ofisi oldida favqulodda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy sud tomonidan chiqarilgan qaror tufayli, tahririyat yopilish xavfi ostida qolgan, RIA Novosti xabari asosida.
Juma kuni Istanbul sudi Zaman gazetasini boshqarish uchun chetdan vasiy tayinlash haqida qaror chiqardi. Jurnalistlarning fikricha, bu tayinlov nashr yopilishiga olib kelishi shubhasiz. Zaman –hukumat tomonidan o‘tkazilayotgan siyosiy bosimlarga qaramay, Turkiyada faoliyat yuritib turgan sanoqli oppozitsion nashrlardan biri hisoblanadi.
Mitingga chiqqan yuzlab odamlar: “Gazetamizdan qo‘lingni tort”, “Ozod nashr ovozini o‘chirib qo‘yolmaysan” deb hayqirishmoqda. Ular Turkiya hukumatidan oppozitsion ommaviy axborot vositalarini ta’qib etishni bas qilishni va so‘z erkinligi kafolatlanishini talab qilmoqda. Miting ishtirokchilari matbuot erkinligini cheklash kampaniyasi ortida Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on turibdi, degan fikrda.
“Matbuotga chetdan vasiy tayinlash, atay, ya’ni OAVning “ovozini o‘chirib qo‘yish” uchun o‘ylab topilgan. Bunga Bugün TV va Kanaltürk oppozitsion telekanallarini misol keltirish mumkin. Chetdan rahbar tayinlangach, oradan ko‘p o‘tmay, ikkisi ham bankrotlik bahonasida yopildi”, — deydi miting ishtirokchilaridan biri.