TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Pensionerlar uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi, deb xabar qildi shanba kuni uyushma matbuot-xizmati.
“Pensionerlar uyushmasi keksa avlodning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy huquq va manfaatlarini himoya qilish, mahallalar, har bir oilada tinchlik- totuvlik, osoyishtalik, sog‘lom muhitning barqaror bo‘lishini ta’minlash, yordamga muhtoj keksalarga ijtimoiy ko‘maklashish, pensionerlarning sog‘lig‘ini tiklashi uchun davolanishi, mazmunli dam olishini tashkil etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan”, — deyilgan xabar matnida.
Nizomga muvofiq, Pensionerlar uyushmasi — ko‘ngilli tarzda tashkil etilgan nodavlat birlashma hisoblanadi. U turli jamoat uyushmalari vakillari, oliygoh domlalari hamda ijodkor ziyolilar tomonidan ta’sis etilgan.
Uyushma huzurida pensionerlarni qo‘llab-quvvatlaydigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish orqali yangi ish o‘rinlari ochish mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda yoshga doir pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga (erkaklar 25-yil, ayollar 20-yil) ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar tayinlash tartibi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasi bilan tartibga solinib, unga asosan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyalar ushbu qonun 37-moddasi birinchi qismining tegishli bandlarida nazarda tutilgan kamida 5-yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi.
Qayd etilishicha, taklif etilayotgan qonun loyihasiga muvofiq ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi umumiy asoslarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi minimal talab qilingan ish stajini ushbu sohada xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish asosida 7-yilga oshirish nazarda tutilmoqda.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga binoan, O‘zbekiston aholisi soni 2015-yilda 31 milliondan oshgan, pensiya yoshidagi kishilar soni 2,8 millionni tashkil qiladi. HelpAge International Xalqaro xayriya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda keksa yoshdagilar soni 2050-yilda 19,4% oshishi kutilmoqda.