TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. “Adolat” Sotsial demokratik partiyasi matbuot xizmatida aniqlik kiritilishicha, bugungi kunda yoshga doir pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga (erkaklar 25-yil, ayollar 20-yil) ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar tayinlash tartibi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasi bilan tartibga solinib, unga asosan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyalar ushbu qonun 37-moddasi birinchi qismining tegishli bandlarida nazarda tutilgan kamida 5-yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi.
Qayd etilishicha, taklif etilayotgan qonun loyihasiga muvofiq ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi umumiy asoslarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi minimal talab qilingan ish stajini ushbu sohada xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish asosida 7-yilga oshirish nazarda tutilmoqda.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga binoan, O‘zbekiston aholisi soni 2015-yilda 31 milliondan oshgan, pensiya yoshidagi kishilar soni 2,8 millionni tashkil qiladi. HelpAge International Xalqaro xayriya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda keksa yoshdagilar soni 2050-yilda 19,4% oshishi kutilmoqda.